Yangi Toshkentda 7,18 mlrd dollarlik 20 ta loyiha amalga oshirishga tayyorlanmoqda
Yangi Toshkentda qiymati 7,18 mlrd dollar boʻlgan 20 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ular uchun soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, yer ajratishning yangi shartlari koʻzda tutilgan.

Qoʻllab-quvvatlash choralari 27 noyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida muhokama qilindi. Yirik loyihalar uchun “davlat — investitsiya hamkori” modeli joriy etiladi: investorlarga uchastka ajratishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha bosqichlarda yordam koʻrsatiladi.
Yangi Toshkent va Samarqanddagi “Shirin” massivida “tartibga solish tajriba-sinovi” (regulyator sandboks) rejimi amal qilmoqda. U baland qavatli binolar, mehmonxona va biznes majmualari, savdo markazlari, bogʻlar, kurortlar, shuningdek, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, sport va infratuzilma obyektlarini qamrab oladi.
Yer uchastkalari muhandislik tarmoqlariga ulanish shartlari oldindan belgilangan holda taqdim etiladi. Auksionlardan tashqari, investorlarning tashabbuskor takliflari asosida tanlov oʻtkazish ham koʻzda tutilgan. Loyihalar uchun yer soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlar, foyda soligʻining pasaytirilgan stavkasi hamda Oʻzbekistonda qayta investitsiya qilinadigan dividendlarni soliqqa tortishdan ozod etish imkoniyati mavjud.
Investorlar, pudratchilar va subpudratchilar oʻz ehtiyojlari uchun texnika, uskunalar, materiallar va jihozlarni bojxona toʻlovlarisiz olib kirishlari mumkin. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi loyihalarni muvofiqlashtiradi hamda har bir investorga shaxsiy menejer biriktiradi.
Hozirga qadar Yangi Toshkentda 2 mlrd dollarlik ishlar bajarildi. Qiymati 1 mlrd dollar boʻlgan yettita obyekt allaqachon foydalanishga topshirildi.
Yana oʻqing

Oʻzbekistonda 2027 yilda aholi daromadlarini oshirish uchun kuchlarni safarbar etish rejalashtirilmoqda
Iqtisodiyot27-noyabr, 21:15
Disney aksiyalari 2022-yil aprelidan beri eng yuqori darajada yopildi
Iqtisodiyot27-noyabr, 20:52
