Yangi uy xaridorlarining pullari obyekt foydalanishga topshirilgunga qadar eskrou hisobvaraqlarida saqlanadi
Tegishli qonun loyihasi Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishda ulushli qurilishda fuqarolar mablagʻlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini maʼqulladi. Hujjat uy-joy va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini qurishga mablagʻ kiritayotgan fuqarolar uchun huquqiy va moliyaviy kafolatlarni nazarda tutadi. Shuningdek, mablagʻlarni qonunchilikda koʻzda tutilmagan usullar bilan jalb etishni cheklashi kerak.
Loyiha ulushli qurilish ishtirokchilari va quruvchilar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladi, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini, davlat organlarining vakolatlarini hamda ularning oʻzaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi. Asosiy mexanizmlardan biri sifatida eskrou hisobvaraqlarini joriy etish taklif qilinmoqda: fuqarolarning pullari banklarda saqlanadi va bevosita qurilish kompaniyasiga oʻtkazilmaydi. Belgilangan talablar bajarilganda, mablagʻlarni quruvchiga qurilish yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilgandan keyin oʻtkazish nazarda tutilgan.
Deputat Nuriddin Sultonov hujjatni ikkinchi oʻqishga tayyorlash boʻyicha tegishli qoʻmita olib borgan ishlarni qayd etdi va qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Muhokama oʻtkazilib, masʼul idoralar vakillari deputatlarning savollariga javob berganidan soʻng fraksiya loyihani maʼqulladi.
Yigʻilishda Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish loyihasi ham qoʻllab-quvvatlandi. U shaharlarning rolini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi hayotining sifati va ekologik muhitni hisobga olgan holda hududlarni kompleks rejalashtirishni nazarda tutadi.



