Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

XVF oltin eksportining qisqarishi fonida Oʻzbekistonning tashqi hisob-kitoblari boʻyicha prognozini yomonlashtirdi

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekistonning 2026 yil uchun joriy hisob taqchilligi prognozini YaIMning 3,2 foizidan 5,1 foizigacha oshirdi

17-noyabr, 17:08По-русски

Read in English

Bahoni 16 noyabr kuni XVFning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze taqdim etdi. Uning soʻzlariga koʻra, prognoz qayta koʻrib chiqilishiga ichki talab fonida importning yuqori surʼatlarda oʻsishi ham taʼsir koʻrsatgan.

Jamgʻarma vakili hukumatga mineral boʻlmagan fiskal balansni — foydali qazilmalarni qazib olish va eksport qilishdan olinadigan daromadlar hisobga olinmagan holdagi budjet holatini — kuzatib borishni taklif qildi. Bunday koʻrsatkich narxlari sezilarli oʻzgarishi mumkin boʻlgan xomashyo resurslaridan tushumlar boʻlmagan sharoitda davlat moliyasining barqarorligini baholashga yordam beradi.

XVF Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,9 foizga oʻsishini, 2027 yilda esa bu surʼat 5 foizgacha sekinlashishini kutmoqda. Gvenetadze Markaziy bankning asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlagan holda qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirishini qoʻllab-quvvatladi. U, shuningdek, suzib yuruvchi valyuta kursiga oʻtish iqtisodiyotning tashqi shoklarga moslashishiga yordam berishi va inflyatsiyani targetlashning shartlaridan biri ekanini taʼkidladi.

Jamgʻarma vakili tarkibiy muammolar qatoriga soliq imtiyozlari va davlat korxonalarining holatini kiritdi. Uning baholashicha, haddan tashqari soliq taʼtillari soliq tizimi samaradorligini pasaytirishi va unda buzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Davlat korxonalarini isloh qilish esa unumdorlikni oshirish yoʻnalishlaridan biriga aylanishi kerak.

2025 yilda XVF Oʻzbekiston moliya sektorini kompleks baholashni (FSAP) oʻtkazdi. Uning tavsiyalari bank sohasidagi keyingi oʻzgarishlar uchun asos boʻlishi kerak. Jamgʻarma iqtisodiyot boʻyicha yangilangan baholarni 2026 yil noyabr oyi oxirida kutilayotgan navbatdagi missiya yakunlari boʻyicha taqdim etishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti ham muhim yoʻnalish sifatida qayd etildi: zarur hujjatlar tayyorlangan, biroq asosiy oʻzgarishlarni hali amalga oshirish kerak.