Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Apple sogʻliq masalalarida sunʼiy intellektdan foydalanishni oʻrganish uchun ilova chiqardi

Kompaniya OpenEvidence bilan hamkorlikda klinik maʼlumotlarga asoslangan javoblarni vaʼda qilmoqda

17-noyabr, 10:36По-русски

Read in English

habr.com

Apple va tibbiyot sohasidagi sunʼiy intellekt kompaniyasi OpenEvidence AQShda 21 yoshdan katta boʻlgan 200 000 nafargacha aholi qatnashishi mumkin boʻlgan tadqiqotni boshladi. Loyiha 12 oydan koʻproq vaqtga moʻljallangan. Unda qatnashish uchun iPhone 15 yoki undan yangi model, iOS 26 yoki undan keyingi versiya hamda Apple Intelligence funksiyasi yoqilgan boʻlishi kerak.

Ilova orqali foydalanuvchilar sogʻliq haqidagi savollarni berib, klinik maʼlumotlarga asoslangan soddalashtirilgan javoblarni olishlari mumkin. Apple axborot manbalari qatorida The New England Journal of Medicine, Journal of the American Medical Association va Nature nashrlarini sanab oʻtdi. Ishtirokchilar javoblarni baholashi, fikr-mulohazalarini qoldirishi va har oy oʻtkaziladigan soʻrovlarda qatnashishi mumkin.

Foydalanuvchilar, shuningdek, ilovaga HealthKit maʼlumotlarini — tinch holatdagi yurak urish tezligi, jismoniy faollik, uyqu va laboratoriya tahlillari natijalari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishlari mumkin. Bu yanada shaxsiylashtirilgan tavsiyalar olishga yordam berishi kerak. Apple maʼlumotlariga koʻra, servis odamni shifokor qabuliga tayyorlashi va xavotirli alomatlar bilan bogʻliq savollar yuzaga kelganda uni muayyan mutaxassisga yoʻnaltirishi mumkin.

Himoyalangan bulutli provayderga yuborilishidan oldin maʼlumotlar anonimlashtiriladi. Apple ulardan sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun foydalanilmasligini maʼlum qildi, OpenEvidence esa soʻrovlar va javoblar haqidagi maʼlumotlarni 24 soatdan keyin oʻchirib tashlaydi.

Ilovani AQShdagi foydalanuvchilar allaqachon yuklab olishlari mumkin. Apple sogʻliq haqidagi savollarga javob berish funksiyalari «Sogʻliq» ilovasida yoki Siriʼda paydo boʻladimi-yoʻqmi, hozircha aniqlik kiritmadi.