United Airlines aviakompaniyasida «tizimdagi keng koʻlamli nosozlik» yuz berdi
Dushanba kuni FlightAware 592 ta kechiktirilgan reysni qayd etdi

Dushanba kuni FlightAware xizmati United Airlines aviakompaniyasining 592 ta kechiktirilgan reysini qayd etdi. Tashuvchi samolyotlarning joʻnab ketishiga taʼsir koʻrsatgan muammoni bartaraf etganini maʼlum qildi. Avvalroq kompaniya nosozlik yuz berganini bildirgan va perronda qolib ketgan yoʻlovchilardan xabarlar olgan.
United Airlines bayonotiga koʻra, nosozlik havoda boʻlgan reyslar hamda United Express samolyotlariga taʼsir koʻrsatmagan. Kompaniya, shuningdek, hodisaning kiberhujum bilan bogʻliqligini koʻrsatuvchi alomatlarni koʻrmayotganini bildirdi.
Nosozlik AQSh Federal aviatsiya maʼmuriyati havo harakatini boshqarish tizimlaridagi muammolar sabab juma kuni joriy qilgan, butun mamlakat boʻylab parvozlarni toʻxtatishdan bir necha kun oʻtib yuz berdi. Ikki hodisa oʻrtasidagi aloqa aniqlanmagan. Juma va shanba kunlari toʻxtatish sababli qariyb 12 500 ta reys bekor qilindi — bu AQShda havo qatnovi uchun eng gavjum davrlardan biri boʻlgan Shukronalik kuniga ikki hafta ham qolmagan paytda yuz berdi.
Soʻnggi bir hafta ichida mamlakatda boshqa texnologik nosozliklar haqida ham xabar berildi. JPMorgan Chase onlayn-banking xizmatidan foydalanishdagi uzilishlarni dasturiy taʼminotdagi xato bilan bogʻladi, Microsoft esa Outlook, Teams va Copilotʼdagi muammolarni texnik nosozlik bilan izohladi. Har ikki holatda ham kompaniyalar kiberhodisa alomatlari yoʻqligini maʼlum qildi.



