Jizzax viloyatida Markaziy Osiyo AESlari uchun mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida 15 yoʻnalish boʻyicha mahsulot ishlab chiqariladigan «Atom-Sanoat» zonasini tashkil etish rejasini maʼlum qildi.

Maxsus sanoat zonasida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida quriladigan atom elektr stansiyalari uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Xabarda mahsulotlarning aniq roʻyxati keltirilmagan.
Oʻzbekiston-Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash kengashi yigʻilishida Mirziyoyev turk kompaniyalarini togʻ-kon sanoati, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash va «yashil» energetika sohalaridagi yangi qoʻshma loyihalarga taklif qildi. Elektrotexnika sanoatidagi hamkorlikni kengaytirish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Hamkorlarga misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi.
2030-yilga borib Oʻzbekistonda oltin qazib olishni 175 tonnagacha, kumush qazib olishni 500 tonnagacha, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnagacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Qayta tiklanuvchi energetika quvvati 25 gigavattga, uning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 54 foizga yetishi kerak. Elektrotexnika sanoati eksportini 5 mlrd dollargacha oshirish va sohaga 11,6 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda.



