Oʻzbekistonda xorijiy qimmatli qogʻozlar muomalasi tartibi tasdiqlandi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi «Tartibga solish qum qutisi» maxsus huquqiy rejimi doirasida qimmatli qogʻozlar muomalasini tartibga soldi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tegishli nizomni tasdiqladi. U 2026-yil 11-noyabrda 3971-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan. Hujjat «Tartibga solish qum qutisi» maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy qimmatli qogʻozlar va moliyaviy vositalar muomalasini tartibga soladi.
Nizomda bunday vositalar muomalasini tashkil etishning ikki mexanizmi, malakali investorlar uchun talablar va ularni hisobga olish qoidalari belgilangan. Shuningdek, unda investitsiya vositachilarining mijozlar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha majburiyatlari, moliyaviy vositalarni muomalaga qoʻyish tartibi, shuningdek, muomalani toʻxtatib turish va tugatish shartlari mustahkamlangan.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, yangi tartib investorlarning xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatini bosqichma-bosqich kengaytirishi, operatsiyalar shaffofligini oshirishi hamda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashi kerak.



