Oʻzbekiston va Kanada viza tartib-taomillarini soddalashtirishni muhokama qildi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va Kanada elchisi Kristofer Daggan 17 noyabr kuni viza tartibi, savdo, investitsiyalar va taʼlimni muhokama qildi.

Mavjud maʼlumotlarga koʻra, 2024 yildan buyon Kanadaning Condor Energies kompaniyasi Gazli mintaqasidagi «Oʻzbekneftgaz»ning sakkizta konida gaz qazib olishni oshirish loyihalariga 184,1 million dollar sarmoya kiritgan. Ushbu obyektlarda qazib olish ishlari allaqachon boshlangan.
Uchrashuvda Mirziyoyeva va Daggan har ikki mamlakat fuqarolari uchun imkoniyatlarni kengaytirishi mumkin boʻlgan biznes aloqalari hamda qoʻshma tashabbuslar haqida ham gaplashdi. Toshkentda elchi davlat idoralari va biznes vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi.
17 noyabr kuni Daggan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan uchrashdi. Tomonlar raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, startaplar va kadrlar tayyorlashni muhokama qildi. Hozir IT Park Uzbekistan rezidentlari orasida 11 ta Kanada kompaniyasi bor.
Bir kun avval elchi «Oʻzbekneftgaz» raisining birinchi oʻrinbosari Suxrob Hamroyev bilan amaldagi neft-gaz loyihalari va keyingi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. 18 noyabr kuni Dagganing Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.



