Oʻzbekneftgaz benzin ishlab chiqarishni 1,1 mln tonnagacha oshiradi
Oʻzbekneftgaz 2026-yilda benzin ishlab chiqarishni 1,1 mln tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqda va qishki yetkazib berish uchun 102 ming tonna zaxira yaratdi.

Oʻzbekneftgazning 2026-yil yakunidagi reja boʻyicha benzin ishlab chiqarishi 1,1 mln tonnani tashkil etadi. Kompaniya zavod va neft bazalarida 102 ming tonnalik zaxira shakllantirdi. Uning hisob-kitobiga koʻra, bu ikki oylik isteʼmolni qoplashga yetadi.
Ishlab chiqarish va zaxiralar sovuq tushadigan davrda ichki bozorni taʼminlashi kerak. Kompaniya qishda metan zapravkalari faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkinligini hisobga olmoqda. Shu sabab benzin talabi oshishi ehtimoli bor. Zarurat tugʻilsa, Oʻzbekneftgaz birja savdolarida yoqilgʻi hajmini oshirishga tayyor.
Yetkazib berish barqarorligi benzinni import qiluvchi xususiy kompaniyalarga ham bogʻliq. Oʻzbekneftgazda bunday import 2026-yil iyunidan qisqargani maʼlum qilindi. Shuningdek, tizim korxonalari orqali tayyor yoqilgʻi olib kirish choralari koʻrilayotgani bildirildi.
Kompaniya metan zapravkalari faoliyatiga qoʻyiladigan cheklovlar haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar operatorlarni benzinni oldindan xarid qilishga undayotganidan ogohlantirdi. Bu birjadagi talabni oshiradi va narxlarga taʼsir qilishi mumkin. Oʻzbekneftgaz yoqilgʻisining boshlangʻich narxi apreldan beri bir tonna uchun 14 mln soʻm darajasida qolmoqda.



