Bank ilovalaridagi P2P oʻtkazmalari va biometrik identifikatsiya tartibi yangilandi
Yangi qoidalar tasdiqlanmasdan amalga oshirilgan firibgarlik oʻtkazmalari uchun javobgarlikni bank yoki toʻlov tashkilotiga yuklaydi hamda veb-saytlar orqali P2P oʻtkazmalarini taqiqlaydi

Hujjat bank ilovalarida oʻtkazmalar va mijozlarni identifikatsiya qilish boʻyicha yangi talablarni belgilaydi. Agar firibgarlik oʻtkazmasi tasdiqlanmasdan amalga oshirilgan boʻlsa, u uchun bank yoki toʻlov tashkiloti javobgar boʻladi. Veb-saytlar orqali P2P oʻtkazmalari taqiqlanadi.
Telefon raqami yaqin qarindoshi nomiga rasmiylashtirilgan fuqarolar ham ilovada roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Buning uchun qarindoshlik munosabatini tasdiqlash talab etiladi. Roʻyxatdan oʻtishda, parolni tiklashda va akkauntga boshqa qurilmadan kirishda biometrik identifikatsiyadan foydalanish majburiy.
Bank kartasini ilovaga qoʻshishda biometrik identifikatsiya talab qilinmaydi: operatsiyani bir martalik OTP-kod orqali tasdiqlash mumkin. Agar foydalanuvchi parolini tiklasa yoki boshqa qurilmadan kirsa, bogʻlangan kartalar oʻchirilmaydi. Ular vaqtincha nofaol maqomga oʻtkaziladi va kod bilan tasdiqlangach, yana faol holatga qaytariladi.
Qurilmada zararli dastur yoki masofadan boshqarish vositasi aniqlansa, bank mijozni nafaqat SMS, balki push-bildirishnoma orqali ham xabardor qilishi kerak.



