Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Pul

Oʻzbekistonda dividend toʻlovlari bir yil ichida 6 baravardan koʻproqqa oshdi

1-noyabr holatiga koʻra, milliondan ortiq aksiyador Markaziy depozitariy orqali qariyb 8 trln soʻmlik dividend oldi

9-noyabr, 15:47По-русски

Read in English

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi maʼlumotlariga koʻra, bir yil ichida aksiyadorlar soni 10,8 foizga oshdi. Ularning mutlaq koʻpchiligini jismoniy shaxslar tashkil etadi — 1 mln 56 ming kishi. Yil boshidan buyon ularning soni 108 mingdan koʻproqqa koʻpaydi. Obligatsiya egalari soni 1,8 baravar oshib, 4 mingdan ortdi.

1-noyabrga kelib, korporativ obligatsiyalar chiqarish hajmi 8,2 trln soʻmdan oshdi — bu 2,6 baravar koʻp. Bozorda ilk bor 200,9 mlrd soʻmlik ipoteka obligatsiyalari paydo boʻldi. Shuningdek, umumiy hajmi 100 mln dollar boʻlgan beshta valyutali obligatsiyalar chiqarilishi roʻyxatdan oʻtkazildi.

2026-yilning oʻn oyida «Toshkent» Respublika fond birjasida qimmatli qogʻozlar bilan qariyb 1,1 mln bitim tuzildi. Ularning umumiy hajmi 16,6 trln soʻmni tashkil etdi, bitimlar soni esa 2,8 baravar oshdi. Savdolarning 6,1 trln soʻmi korporativ obligatsiyalar hissasiga toʻgʻri keldi — bu bir yil avvalgi koʻrsatkichdan sakkiz baravardan koʻproqdir.

Oʻn oy davomida sudlar investorlar foydasiga 19,1 mlrd soʻm dividend undirish haqida qarorlar chiqardi. Bu summa ikki baravar oshdi. 14 ta daʼvoning 13 tasi toʻliq qanoatlantirildi.

Bundan tashqari, sudlar 71 ta maʼmuriy bayonnomaning 67 tasi boʻyicha qaror chiqardi. Bozor ishtirokchilariga bajarilishi majburiy boʻlgan 200 dan ortiq koʻrsatma yuborildi.

Hisobot davrida agentlik investitsiya vositachisi faoliyati uchun beshta, ishonchli boshqaruvchi faoliyati uchun esa ikkita litsenziya berdi. Shuningdek, investitsiya maslahatchisi faoliyatiga doir uchta xabarnoma hujjati rasmiylashtirildi.

Litsenziya egalari tashabbusiga koʻra, oʻnta litsenziya bekor qilindi, yana bitta litsenziyaning amal qilishi olti oyga toʻxtatildi.

Oʻn oy davomida agentlikka investorlar tomonidan 358 ta murojaat kelib tushdi. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 585 ta edi. Jismoniy shaxslar 249 ta, yuridik shaxslar esa 109 ta murojaat yubordi. Jami murojaatlarning 348 tasi koʻrib chiqildi, yana oʻntasi oʻrganilmoqda.

Yana oʻqing