Juma, 27-noyabr 2026-yil
Madaniyat

SpaceX Starship haqidagi arkada oʻyinini taqdim etdi

Oʻyinchilar Super Heavyʼni Mechazilla platformasiga qoʻndiradi, soʻng Starship yordamida yulduzlarni yigʻib, NUJlarga oʻq uzadi

17-noyabr, 10:01По-русски

Read in English

habr.com

Oʻyinda Super Heavy raketasining birinchi bosqichini boshqarib, uni Mechazilla platformasiga qoʻndirishga harakat qilish kerak. Ikkinchi bosqichda oʻyinchiga Starship kemasi yordamida yulduzlarni yigʻish va NUJlarni yoʻq qilish taklif etiladi. Boshqaruv strelkalar yoki WASD tugmalari orqali amalga oshiriladi, probel tugmasidan ham foydalanish mumkin.

Loyiha Starship kosmik tizimining sinov parvozidan soʻng paydo boʻldi. Missiya davomida kema Starlinkʼning V3 versiyasidagi 26 ta sunʼiy yoʻldoshni orbitaga olib chiqdi va Yer atrofida 14 marta aylandi.

SpaceX tizimning har ikki bosqichini Mechazilla platformasiga qaytarishni rejalashtirgandi, biroq texnik nosozliklar sabab rejani oʻzgartirishga toʻgʻri keldi. Super Heavy B22 tezlatkichi qaytayotgan paytda avtomatika uning xavfsiz ushlanishi uchun belgilangan parametrlardan ogʻishini aniqladi. Unda 28 ta dvigatelning 27 tasi ishlagan: bittasi hali koʻtarilish vaqtidayoq oʻchib qolgan. Uchirish maydonchasiga qaytish urinishi bekor qilindi, shundan keyin tezlatkich Meksika qoʻltigʻi tomon yoʻnaltirildi. U Texas sohilidan uncha uzoq boʻlmagan joyda suv ustida muallaq turib qoldi va keyin portladi. Ushlash bekor qilinganining sabablarini SpaceX muhandislari oʻrgana boshladi.

SpaceX asoschisi Ilon Mask dispetcherlar kosmodrom infratuzilmasini xavf ostiga qoʻymaslikka qaror qilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, minoraning yoki uchirish qurilmasining yoʻqotilishi 2–3 oylik kechikishga olib kelishi mumkin edi.

Qaytayotgan Starship ilk bor Texasdagi uchirish majmuasida Mechazilla minorasi manipulyatorlari yordamida ushlandi. Manevr vaqtida muammo yuzaga kelganida, uchirish stolini saqlab qolish uchun kemani zaxira suvga qoʻnish hududiga yoʻnaltirish rejalashtirilgandi.