Oʻzbekistonda elektr texnikasi ishlab chiqarish oʻn yil ichida 30 baravar oshdi
2026-yilda elektr texnikasi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 50 trln soʻmga yetdi, 2016-yilda esa bu koʻrsatkich 1,7 trln soʻmni tashkil etgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvda Oʻzbekistonda elektr texnikasi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2026-yilda 50 trln soʻmga yetgani, 2016-yilda esa 1,7 trln soʻm boʻlganini maʼlum qildi. Shu davrda sohaga $2 mlrd investitsiya yoʻnaltirildi va 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.
Korxonalar 100 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlarni oʻzlashtirdi. Ular orasida maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar va yuqori kuchlanishli transformatorlar bor. Joriy yilda sohaga kiritilgan investitsiyalar hajmi $600 mlnni, eksport esa $1,6 mlrdni tashkil etdi. Koʻrib chiqilayotgan davrda xorijga yetkazib berish hajmi 14 baravar oshdi.
Mirziyoyev sohaning salohiyatidan hozircha toʻliq foydalanilmayotganini taʼkidladi. U ustuvor yoʻnalishlar qatorida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar, jumladan, misni qayta ishlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga ishlab chiqarishni kengaytirishni qayd etdi.
2026-yilda mamlakatda uchinchi mis boyitish fabrikasi foydalanishga topshirildi. Loyihani amalga oshirish mis ishlab chiqarishni 300 000 tonnagacha, 2030-yilga borib esa 500 000 tonnagacha oshirishi kerak. Xomashyo bazasining kengaytirilishi, kutilishicha, mahalliy elektr texnikasi ishlab chiqaruvchilari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuvda qayta tiklanuvchi energetika masalalari ham muhokama qilindi. 2030-yilgacha energiya saqlash tizimlarining quvvatini 4,5 GVtgacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Ayni paytda zarur uskunalarning bir qismi mamlakatda hali ishlab chiqarilmaydi, biroq xorijiy hamkorlar oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan foydalanishga tayyor.
Oʻzbekiston kelgusi oʻn yil ichida hamkorlar bilan birgalikda iqtisodiyotning turli sektorlarida $450 mlrdlik loyihalarni amalga oshirmoqchi. Prezidentning baholashicha, bu elektr texnikasi uskunalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun yirik uzoq muddatli bozorni shakllantiradi.
Avvalroq soha oldiga 2030-yilgacha elektr texnikasi mahsulotlari eksportini $5 mlrdgacha oshirish vazifasi qoʻyilgan edi. Sohadagi va u bilan bogʻliq yoʻnalishlardagi ishlab chiqarish hajmini $11 mlrdgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.



