Oʻzbekistonda dori vositalarini onlayn sotishni tartibga solish rejalashtirilmoqda
Sogʻliqni saqlash vazirligi onlayn tarzda faqat retseptsiz beriladigan dori vositalari va tasdiqlanadigan roʻyxatdagi tibbiy uskunalarni sotishga ruxsat berishni taklif qildi

Qaror loyihasida dori vositalari va tibbiy tovarlarni internet orqali sotish boʻyicha yangi qoidalar nazarda tutilgan. Hujjat mahsulotlarni tashish va ulgurji sotishga qoʻyiladigan talablarni ham oʻzgartiradi.
Tovarlarni onlayn tarzda litsenziyaga ega dorixonalar va jihozlangan buyurtma topshirish punktlariga ega ularning filiallari sota oladi. Buning uchun dorixona oʻz sayti yoki ilovasiga ega boʻlishi yoxud buyurtmalar agregatori yoki marketpleys bilan shartnoma tuzishi kerak boʻladi. Platformada dorixonaning nomi, STIRi, manzillari, aloqa maʼlumotlari va litsenziyasi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.
Sotuvchi har bir tovar boʻyicha uning xalqaro patentlanmagan nomi, dozasi, qoʻllash usuli, yaroqlilik muddati, mavjudligi, chakana narxi va savdo ustamasi haqida maʼlumot berishi kerak. Xaridorlarga, shuningdek, analoglar, toʻlov va yetkazib berish shartlari haqidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
Buyurtmalarni dorixonalarning oʻzi yoki shartnoma asosida boshqa korxonalar yetkazib berishi mumkin boʻladi. Transport vositasi yoʻriqnomada belgilangan, jumladan, harorat va namlikka oid saqlash shartlarini taʼminlashi kerak. Dori vositalari uchun himoyalangan transport qadoqlari talab etiladi, tashish shartlari turlicha boʻlgan tovarlar esa alohida joylashtirilishi lozim.
Buyurtmani olganda xaridor qadoq va ichidagi mahsulotni tekshirishi mumkin boʻladi. Agar ular buyurtmaga mos kelmasa, kuryer orqali buyurtmadan voz kechish mumkin. Buyurtma qabul qilib olinganidan keyin kamchiliklar aniqlansa, tovar, seriya, raqamli markirovka kodi va muammo haqidagi maʼlumotlar platforma operatoriga yuboriladi, u esa bu maʼlumotlarni dorixonaga yetkazadi.
Buyurtmachi bilan bogʻlanishning imkoni boʻlmasa, buyurtmani dorixonadan 3 kun ichida olib ketish mumkin boʻladi. Loyiha 19 noyabrgacha muhokama uchun ochiq.
Yana oʻqing

Damas va Labo savdosidan olingan foyda Cobalt, Onix va Tracker savdosidan olingan foydadan birgalikda koʻproq boʻldi
Biznes16:01
Antimonopoliya qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlar reklamalarini tekshirishni kengaytirdi
Biznes15:09
