Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Qirgʻiziston Oʻzbekistonga kartoshka yetkazib berishda QQSni bekor qilishni taklif qildi

Oʻzbekistonda ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi vazirlari agrar mahsulotlar savdosini kengaytirish va ularni yetkazib berishni soddalashtirish masalasini muhokama qildi

13-noyabr, 16:27По-русски

Read in English

Qirgʻiziston Oʻzbekistonga kartoshka olib kirishda QQSni bekor qilishni taklif qildi, biroq bu boʻyicha qaror hali qabul qilinmadi. Tomonlar, shuningdek, «yashil yoʻlak» va qoʻshma korxona tashkil etish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda Qirgʻiziston suv resurslari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov Qirgʻiziston kartoshkasini Oʻzbekistonga import qilishda QQSni bekor qilishni taklif qildi. Bu haqda Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston tomonini qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov vakillik qildi. Oʻzbekiston tomoni Qirgʻizistondan kartoshka va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini olib kirish uchun «yashil yoʻlak» tashkil etishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi. Bunday mexanizmni ishga tushirish shartlari va muddatlari aniqlashtirilmagan.

Vazirlar, shuningdek, Qirgʻizistonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etishga kelishib oldi. Uni moliyalashtirish uchun mablagʻlarni Qirgʻiziston-Oʻzbekiston taraqqiyot jamgʻarmasi orqali jalb etish rejalashtirilmoqda, biroq investitsiyalar hajmi hozircha maʼlum qilinmadi.

Hamkorlikning alohida yoʻnalishi Qirgʻizistonda urugʻlik yetishtirib, keyinchalik uni Oʻzbekiston bozorida sotishdan iborat boʻladi. Shu bilan birga, QQSni bekor qilish boʻyicha qaror hali qabul qilinmadi. Avvalroq Qirgʻiziston prezidenti Sadyr Japarov mahalliy fermerlarning murojaatlaridan soʻng bu masalani koʻrib chiqishni topshirgan edi.