Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston moliya sektorida islohotlar tayyorlamoqda

Jahon banki va XVJ tomonidan 2025-yilda oʻtkazilgan moliya sektorini baholash yakunlari boʻyicha yoʻl xaritasi yaqin orada tasdiqlanishi mumkin

17-noyabr, 09:38По-русски

Read in English

Hujjatni tasdiqlash ehtimoli haqida XVJning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, yoʻl xaritasi baholashdan soʻng tayyorlangan moliya tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha tavsiyalarni mamlakat qanday amalga oshirishini belgilaydi.

Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazildi. U sohaning joriy holati, erishilgan natijalar, hal etilmagan vazifalar va mavjud boʻshliqlarni kompleks tarzda aniqlash imkonini beradi. Gvenetadze hujjat yaqin vaqt ichida qabul qilinishiga umid bildirdi.

XVJ vakili yoʻl xaritasining tasdiqlanishi Oʻzbekistonga sarmoya kiritishdan manfaatdor investorlar uchun signal boʻlishini taʼkidladi: ular mamlakatning moliya sektorini isloh qilish boʻyicha keyingi rejalarini koʻrishlari mumkin boʻladi.

XVJ Oʻzbekistonga soliq maʼmurchiligi va siyosati, davlat moliyasini boshqarish, pul-kredit va makroprudensial siyosat, markaziy bank faoliyati, milliy hisoblar va narxlar statistikasi, shuningdek, moliyaviy nazorat va tartibga solish sohalarida ham texnik yordam koʻrsatmoqda.

Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun CCAMTAC Mintaqaviy texnik yordam markazi faoliyat yuritadi. Uning mutaxassislari mintaqa davlatlarida bevosita ishlaydi, shuningdek, davlat organlari vakillari uchun maslahatlar va treninglar oʻtkazadi.