Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Uy-joy

132 ta qurilish kompaniyasining shartnomalarida xaridorlar huquqlari buzilgani aniqlandi

Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilardan kelib tushgan 1 700 dan ortiq shikoyatdan soʻng quruvchilarning shartnomalarini tekshirdi

7-noyabr, 17:19По-русски

Read in English

Lewis Tse / Shutterstock

2026-yilning toʻqqiz oyida kelib tushgan shikoyatlar qurilish ishlari sifati va obyektlarni topshirishdagi kechikishlarga taalluqli boʻlgan. Ular koʻrib chiqilgach, isteʼmolchilar foydasiga qariyb 14,5 mlrd soʻm miqdorida qayta hisob-kitob qilindi.

Mutaxassislar Toshkent shahrida, shuningdek Namangan, Navoiy, Toshkent, Buxoro, Surxondaryo, Fargʻona, Xorazm, Andijon, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida uy-joy qurilishida ulushli ishtirok etish shartnomalarini oʻrgandi.

Eng koʻp uchragan kamchilik shartnoma bekor qilinganda pulni qaytarish muddatining koʻrsatilmagani yoki uning dastlabki toʻlov muddati bilan mos kelmagani boʻldi — bunday shart hujjatlarning 77,3 foizida aniqlangan. Shartnomalarning 63,6 foizida xonadon qabul qilib olinganidan keyingi kafolat muddati koʻrsatilmagan.

Shuningdek, asosan quruvchi manfaatlarini koʻzlab tuzilgan, kafolat muddati davomida nuqsonlarni bartaraf etish majburiyatini hamda qurilishni yakunlashdagi kechikish uchun penyani nazarda tutmagan shartnomalar aniqlangan. Hujjatlarning bir qismida obyektni topshirishning aniq muddatlari belgilanmagan, ayrim kelishuvlar esa davlat tili oʻrniga rus tilida tuzilgan.

Qoʻmita xaridorlar huquqlarini cheklovchi boshqa shartlarni ham aniqladi: mijoz tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda toʻlangan summaning 4–15 foizini ushlab qolish, pulni faqat xonadon qayta sotilganidan keyin qaytarish, narxni bir tomonlama oshirish va xaridorlar uchun haddan tashqari yuqori jarimalar. Tahlil yakunlariga koʻra, idora kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni tegishli idoralarga yubordi.

Yana oʻqing