Afgʻoniston yaqin vaqt ichida Amudaryodan Qoshtepa kanaliga suv yoʻnaltirmoqchi
Qoshtepa kanalining ikkinchi bosqichidagi yer ishlari 99 foizga bajarilgan. Afgʻoniston yaqin vaqt ichida Amudaryodan kanalga suv yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Aniq muddatlar hozircha maʼlum qilinmagan.

Afgʻoniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi vakili Nabiulla Argandival suv olish bosh inshootini qurish ishlari davom etayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, suv oqimini tartibga solish uchun 47 ta koʻprik va inshoot barpo etilmoqda.
Dastlabki baholarga koʻra, kanalning oʻtkazish quvvati sekundiga qariyb 650 kub metrni tashkil etadi. Loyiha 500–600 ming gektar qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorishni taʼminlashi kerak. Afgʻoniston hukumati buning hisobiga ekin maydonlarini kengaytirish, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaramlikni kamaytirishni kutmoqda.
Shu bilan birga, Afgʻoniston tomoni suv olishning taxminiy hajmini hozircha oshkor qilmagan va Amudaryoning quyi oqimida joylashgan davlatlar bilan kelishuvlar haqida maʼlumot bermagan. Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev 19 noyabr kuni kanal orqali suvni toʻliq olish 2030 yildan oldin boshlanmasligini aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, suv olish hajmlari boʻyicha kelishuvlarni qurilish yakunlanganidan keyin imzolash rejalashtirilmoqda.
Kanal 2022 yildan beri qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 285 km boʻladi, ikkinchi bosqich esa Juzjon va Faryob viloyatlari orqali oʻtadigan 177 kilometrlik qismni nazarda tutadi. Uzunligi 108 km boʻlgan birinchi qism 2023 yil oktabrida yakunlangan.



