Oʻzbekneftgaz Xitoyning BGP va INOVA kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytiradi
Oʻzbekneftgaz, BGP va INOVA seysmik qidiruv ishlari, geofizika uskunalarini yetkazib berish hamda hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qildi.

Toshkentda uchrashuvni Oʻzbekneftgaz boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Suxrob Hamroyev oʻtkazdi. Ishtirokchilar qoʻshma loyihalarning joriy holati va hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Asosiy eʼtibor seysmik qidiruv ishlariga qaratildi. Tomonlar rejalashtirilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish va talab etilgan sifatni taʼminlash zarurligini qayd etdi. Shuningdek, ular ishlarni 2026 yil oxirigacha jadallashtirish masalasini muhokama qildi.
Geofizika uskunalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish ham alohida mavzu boʻldi. Kompaniyalar texnikani toʻliq hamda kelishilgan muddatlarda yetkazib berish muhimligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekneftgaz, BGP va INOVA vakillari amaldagi kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga tayyor ekanini bildirdi. Hamkorlikni kengaytirish zamonaviy texnologiyalar va neft-gaz sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashni oʻz ichiga olgan yangi yoʻnalishlar hisobidan rejalashtirilmoqda.



