Nazoratsiz FSD kelajakda barcha Tesla modellarida Starlink paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin
Ilon Mask Starlink keyingi yil oxirigacha, Xitoydan tashqari, barcha Tesla modellarida paydo boʻlishi mumkinligini aytdi. U buni nazoratsiz FSD rivoji bilan bogʻladi.

Hozircha Starlink terminali faqat ikki oʻrinli Cybercabʼda oʻrnatilgan. Qurilma orqa eshikda joylashgan, biroq mavjud maʼlumotlarga koʻra, yoʻlovchilar unga hali ulana olmaydi. Tesla aloqadan asosan navigatsiya, mijozlarga xizmat koʻrsatish va avtoparkni boshqarishda foydalanilishini bildirgan.
Mask boshqa avtomobillarga Starlink oʻrnatish narxini aytmadi va aynan qaysi modellar uskuna olishini aniqlashtirmadi. Xitoyda esa Starlink taqiqlangani sababli bu funksiyani kengaytirishni istisno qildi.
Shu bilan birga, Tesla ilk FSD v15 yigʻilmalarini erta kirish dasturi ishtirokchilariga tarqata boshladi. Maskning aytishicha, keng ommaviy chiqarilish keyingi oyga rejalashtirilgan. Kompaniya yangilanish izohlarida xavfsizlik uchun muhim vaziyatlarni qayta ishlash 25 baravar yaxshilanganini, shuningdek, navigatsiya, toʻsiqlar, chuqurchalar, hayvonlar va turgʻun suvni aniqlash takomillashtirilganini maʼlum qildi. Yangi Bike Rack Mode funksiyasi velosiped tashuvchi moslama oʻrnatilganda FSDʼdan foydalanish imkonini beradi.
Mask, shuningdek, avtomobil kompyuterining oraliq AI4.5 versiyasida tezkor xotira hajmi 32 GBdan 24 GBgacha qisqartirilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, navbatdagi AI5 chipi hozircha Optimus roboti uchun moʻljallangan, avtomobillar esa AI4’da qoladi.
Yana oʻqing

SpaceX kosmik AI-maʼlumot markazlari uchun 1 mln gacha sunʼiy yoʻldoshga ruxsat oldi
Texnologiyalar10:15
FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga AI serverlari yetkazib berilishini toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:50
