Fitch Uztelecom bahosini oshirdi
Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings Uztelecomning uzoq muddatli kredit reytingini «BB» darajasida, prognozni esa ijobiyligicha qoldirdi.

Kompaniyaning mustaqil kreditga layoqatlilik bahosi «bb-»dan «bb»gacha oshirildi. Bu haqda agentlikning 9 noyabrdagi xabarida aytiladi.
Qaror yaqin ikki yil ichida erkin pul oqimi yaxshilanishi va qarz yukining kamayishi kutilayotgani bilan bogʻliq. Fitch operatorning Oʻzbekiston bozoridagi barqaror mavqei hamda mijozlar bazasi kengayayotganini qayd etdi.
2026 yil sentyabr oyi oxiridagi holatga koʻra, Uztelecom mobil aloqa bozorining qariyb 32 foizini, statsionar keng polosali internet bozorining esa 85 foizini egallagan.
Kompaniya aksiyalarining 94 foizi davlatga tegishli. Uning tashqi qarzining qariyb 43 foizi davlat kafolatlari bilan taʼminlangan. Fitch prognoziga koʻra, 2027 yil oxiriga borib bu ulush 50 foizdan oshadi.
Agentlik Uztelecomning kapital xarajatlari 2026 yilda tushumning 49 foizini tashkil etishini, biroq 2028 yilga kelib 27 foizgacha qisqarishini kutmoqda. Sof qarzning EBITDAga nisbati 2026 yilda 2,8 gacha oshganidan soʻng, 2028 yilga kelib 2,6 gacha pasayishi kerak.
Tahlilchilar xatarlar qatorida valyutaga bogʻliqlikni ham koʻrsatmoqda: qarzning qariyb 90 foizi xorijiy valyutada denominatsiya qilingan, asosiy tushum esa soʻmda kelib tushadi.
Uztelecom, shuningdek, xalqaro IPO oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Fitch aksiyalarni joylashtirish reytingga taʼsir qiladi, deb kutmayapti, chunki kompaniya ustidan nazorat, taxminlarga koʻra, davlat qoʻlida qoladi.



