Seshanba, 10-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston va Polshani yangi yuk yoʻnalishlari bogʻlaydi

«Oʻzbekiston temir yoʻllari» va Polsha davlat temir yoʻllari memorandum imzoladi

10-noyabr, 16:06По-русски

Memorandum 9 noyabr kuni «Oʻzbekiston temir yoʻllari» va Polsha davlat temir yoʻllari (PKP) oʻrtasidagi muzokaralar yakunida imzolandi. Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi temir yoʻl orqali yuk tashish hajmini kengaytirish va konteyner poyezdlarining muntazam qatnovini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.

Oʻzbekiston kompaniyasi boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev PKP rahbari Alan Berud boshchiligidagi Polsha delegatsiyasi bilan uchrashdi. Ishtirokchilar yangi yuklarni jalb qilish hamda tashuvlarning raqobatbardoshligini oshirishi kerak boʻlgan tariflarni muhokama qildi.

Tomonlar istiqbolli yoʻnalishlardan biri sifatida qurilayotgan «Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston» temir yoʻlini koʻrib chiqdi. Loyiha yakunlangach, u Osiyodan tovar yetkazib berish uchun qoʻshimcha yoʻnalish ochishi va mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.

Temir yoʻl qurilishi Qirgʻiziston hududida davom etmoqda. Qiymati qariyb 4,7 milliard dollar boʻlgan loyiha Xitoy va Markaziy Osiyo oʻrtasida transport koridorini yaratishni nazarda tutadi. Qirgʻiziston hududidagi qismda tunnellar qazilmoqda, koʻpriklar va boshqa temir yoʻl infratuzilmasi barpo etilmoqda.

Yana oʻqing