Juma, 27-noyabr 2026-yil
Sport

Shaxmat toji uchun bahsda Sindarov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi

Javohir Sindarov va jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun matchning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

27-noyabr, 12:50По-русски

Read in English

Jenevada oʻtgan partiya qariyb besh soat davom etdi. Gukesh qora donalarda oʻynadi va debyutdayoq tashabbusni qoʻlga olib, tayyorgarligi evaziga Sindarovning yurishlariga tezkor javob qaytardi. 15 yurishdan keyin hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.

Birinchi vaqt nazoratidan oldin Sindarov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning ixtiyorida bor-yoʻgʻi sakkiz soniya qolgan edi, biroq u Bb4 yurishini topishga ulgurib, bevosita xavfni bartaraf etdi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum imkoniyatlarini chekladi.

Ruhlar almashilgach, doskada turli rangdagi fillar qoldi va bu gʻalaba imkoniyatlarini kamaytirdi. Gukesh ustunlikni kuchaytirish yoʻllarini izlashda davom etdi, ammo Sindarov muvozanatni saqlab qoldi. Shoh bilan yurishlar takrorlangach, raqiblar durangga kelishib oldi.

Keyingi partiya 28 noyabrda boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Match 14 partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqich yakunida hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.