Tahlilchilar Toshkentda uy-joy ijarasining median qiymatini baholadi
Yakkasaroy tumani eng qimmat hududlar roʻyxatida yetakchilik qildi

2026-yil oktabr yakunlariga ko‘ra, Toshkentda turar joy ijarasining median stavkalari bir xonali kvartira uchun $500 dan to‘rt va undan ko‘p xonali obyektlar uchun $1 000 gacha bo‘lgan. Bozor tahlili kvadro² servisi tomonidan 200 dan ortiq ixtisoslashgan Telegram-kanallardan jamlangan 5 908 ta e’lon asosida o‘tkazildi.
Xonalar soni bo‘yicha median qiymat quyidagicha taqsimlandi:
- 1 xonali kvartiralar: $500
- 2 xonali kvartiralar: $650
- 3 xonali kvartiralar: $800
- 4 va undan ko‘p xonali kvartiralar: $1 000
Poytaxt tumanlari bo‘yicha tafovut
Poytaxtning markaziy va nufuzli tumanlarida narxlar an’anaviy ravishda yuqori. Qiymat bo‘yicha Yakkasaroy tumani yetakchi bo‘ldi: bu yerda bir xonali kvartira uchun median narx $600, ikki xonali kvartira uchun — $800, uch xonali kvartira uchun — $1 100, ko‘p xonali uy-joy uchun esa — $1 500 ni tashkil etdi. Mirobod tumanida stavkalar diapazoni $520 dan $1 300 gacha, Shayxontohur tumanida esa $600 dan $1 200 gacha bo‘ldi.
Eng hamyonbop takliflar chekka hududlarda jamlangan. Bektemir va Yangihayot tumanlari eng qulay hududlarga aylandi: Bektemirda ikki xonali kvartira ijarasi o‘rtacha $400 ni tashkil etgan, Yangihayotda esa «bir xonali» kvartiralar $400 dan, «ikki xonali» kvartiralar — $450 dan taklif qilingan. Uch xonali kvartiralar uchun eng past median stavkalar Sergeli va Yangihayot tumanlarida qayd etildi ($550). To‘rt va undan ko‘p xonali eng arzon obyektlar Uchtepa tumanida aniqlangan ($600).


