YI 2028–2034-yillar budjetida mudofaa xarajatlarini 232 foizga oshirish koʻzda tutilgan
Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta 2028–2034-yillarga moʻljallangan YI budjeti boʻyicha yangi taklifni eʼlon qildi. Loyihada mudofaa xarajatlarini 2021–2027-yillar budjetiga nisbatan 232 foizga oshirish taklif etilgan.

Taqdim etilgan variantda raqobatbardoshlikni moliyalashtirishni 120 foizga, YI manfaatlarini dunyoda ilgari surish xarajatlarini esa 23 foizga oshirish taklif etilgan. Migratsiyani boshqarish va chegaralarni nazorat qilish uchun ajratiladigan mablagʻlarni ikki baravar koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, eng yirik budjet jamgʻarmasi umumiy qishloq xoʻjaligi siyosati va birdamlik siyosatining yangi jamgʻarmasi boʻlib qolishi kerak. Turli dasturlar mablagʻlarining 35 foizi iqlim va ekologik vazifalarga yoʻnaltiriladi. Koshtaning loyihasi Yevropa komissiyasining dastlabki taklifidan 10 foizga kichik: qisqartirish joriy narxlarda 204 mlrd yevroni tashkil etadi.
Irlandiya taklif qilgan variant bilan taqqoslaganda, loyiha yana 44 mlrd yevroga qisqartirilgan. Jumladan, mintaqaviy rivojlanish xarajatlarini 8 mlrd yevroga kamaytirish taklif etilgan. Budjet oʻz vaqtida kuchga kirishi uchun uni 2027-yil oxirigacha YI davlatlari bir ovozdan maʼqullashi va Yevropa parlamenti qoʻllab-quvvatlashi kerak.



