Oʻzbekiston aholi jon boshiga YAIM boʻyicha 10 ming dollar marrasidan oshishni rejalashtirmoqda
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov bunga toʻrt-besh yil ichida erishish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi

Bu haqda Achilov Toshkentda XVFning Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy iqtisodiy prognozi taqdimotida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, maqsadli koʻrsatkichga erishish islohotlarni davom ettirish va rivojlanishning yangi modeliga oʻtishni talab qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa idoralar bilan hamkorlikda iqtisodiy oʻsishning yangi siyosatini allaqachon ishlab chiqdi. U tarkibiy oʻzgarishlar, avval boshlangan islohotlarni yakunlash hamda rivojlanish surʼatlarini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha choralarni oʻz ichiga oladi. Achilov erishilgan natijalar maqsadni amalga oshirish uchun hozircha yetarli emasligini taʼkidladi.
Jahon bankining Toshkentdagi katta iqtisodchisi Pinar Yashar islohotlarning keyingi bosqichida barqaror oʻsish va mehnat unumdorligini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash qiyinroq boʻlishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, birinchi bosqichda valyuta kursi va narxlarni liberallashtirish, shuningdek, toʻsiqlarni bartaraf etish ustuvor yoʻnalishlar boʻlgan.
XVFning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze makroiqtisodiy barqarorlikni saqlashni barqaror rivojlanishning sharti deb atadi. U keyingi bosqichning ustuvor yoʻnalishlari qatorida davlat korxonalari, mehnat bozori va taʼlim, energetika sohalaridagi islohotlar, raqamlashtirish hamda pensiya tizimidagi oʻzgarishlarni sanab oʻtdi.
XVF davlat korxonalari islohotini ham tezlashtirish tarafdori. Jamgʻarma bahosiga koʻra, bu korxonalar inflyatsion bosimni kuchaytirmagan holda unumdorlikni oshirishi va iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashi kerak. Korxonalarga davlat yordamini korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish bilan bogʻlash, xususiylashtirishni esa shaffof tarzda va xalqaro tamoyillar asosida amalga oshirish taklif etilmoqda.



