Chorshanba, 11-noyabr 2026-yil
Biznes

Oʻzbekistonlik aka-uka Y Combinator akseleratorida 500 ming dollar jalb qiladi

Toshkentlik 21 yoshli Husan va Hasan Mavlonovlar sanoat robotlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan startapini taqdim etdi

11-noyabr, 11:49По-русски

Read in English

digitalbusiness.kz — Из личного архива

Aka-ukalar Defex Robotics kompaniyasiga 2026-yil mart oyida asos solgan. Bungacha Husan Oʻzbekiston, Turkiya va Xitoydagi laboratoriyalarda tadqiqotlar olib borgan, shuningdek, shu mamlakatlar va AQShdagi universitetlarda tahsil olgan. Biroq u birorta ham oliygohni tamomlamagan. Uning birodari Hasan dasturlash va sunʼiy intellektni oʻrgangan. Aka-ukalar bor eʼtiborini startapni rivojlantirishga qaratishga qaror qilgan.

Husanning aytishicha, koʻplab ishlab chiqarish korxonalarida kabellarni elektron platalarga ulash ishlari hanuz qoʻlda bajariladi. Konektorlarni oʻrnatishdagi xatolar uskunaning nosoz ishlashiga olib kelishi mumkin. Defex Robotics kamera konektorning joylashuvini aniqlaydigan, robotlashtirilgan qoʻl kabelni ulash kuchini nazorat qilgan holda ulaydigan, sunʼiy intellekt esa ulanish sifatini tekshiradigan tizimni ishlab chiqmoqda.

Tadbirkorning taʼkidlashicha, xodimga 3–4 soat vaqt ketadigan bu ish robot yordamida 20 daqiqadan kamroq vaqtda bajariladi. Hozircha texnologiya ishlab chiqilmoqda: kabellarni oʻrnatish jarayoni virtual muhitda sinovdan oʻtkazilmoqda, ulanishlarni tekshirish tizimi esa maxsus uskunada allaqachon ishga tushirilgan.

Husanning soʻzlariga koʻra, mahsulotga 27 ta kompaniya qiziqish bildirgan va ular robotlarni oldindan band qilish uchun jami 31 ming dollar toʻlagan. Ular orasida Xyustondan 24 ta ishlab chiqaruvchi, San-Fransiskodan bitta kompaniya va Oʻzbekistondan ikkita kompaniya bor.

Noyabr oyining boshida aka-ukalar Y Combinatorʼning 2027-yilgi qishki dasturiga taklif oldi. Uch oy davom etadigan dastur San-Fransiskoda oʻtkaziladi. Akseleratorning standart shartlariga koʻra, startaplar 500 ming dollar oladi: kompaniyaning 7 foizi evaziga 125 ming dollar va keyinchalik kompaniyadagi ulushga aylantiriladigan SAFE kelishuvi asosida yana 375 ming dollar. Husan akselerator bilan kelishuv allaqachon imzolanganini, mablagʻlar esa yaqin haftalarda oʻtkazilishi kutilayotganini maʼlum qildi.