Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Paxtani qoʻlda terishdan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda

2026 yilda hosilning 75–80 foizi texnika yordamida yigʻib olindi, 2027 yilda esa 100 foizini yigʻish rejalashtirilmoqda

9-noyabr, 11:41По-русски

Read in English

Shutterstock

2026 yilda Oʻzbekistonda 5 mln tonnadan ortiq xom paxta yetishtirildi, uning 75–80 foizi texnika yordamida yigʻib olindi. Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida hosilni yigʻib olish toʻliq mexanizatsiyalashgan holda oʻtkazildi. Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov 6 noyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Joriy mavsumda dalalarda qariyb 3000 ta paxta terish mashinasi ishladi. Shundan 1500 tasi bu yil xarid qilingan. Abdurahmonovning soʻzlariga koʻra, kelasi yili mashinalar yordamida hosil yigʻish ulushini 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bu mavsumda qoʻl mehnatining ulushi qariyb 20–23 foizni tashkil etdi. Paxta asosan kichik maydonlar hamda bogʻlar orasida joylashgan dalalarda qoʻlda terildi: yirik texnika bunday hududlarga kira olmaydi.

Abdurahmonov qoʻlda terishdan butunlay voz kechish uchun ekish bosqichidayoq oʻzgarishlar qilish kerakligini taʼkidladi. Paxtani dalalar mashinalar ishlashi uchun mos boʻladigan tarzda yetishtirish zarur. Uning soʻzlariga koʻra, prezident paxtani iqtisodiy jihatdan manfaatli asosda yetishtirishni tashkil etish va uni faqat texnika yordamida yigʻib olishga oʻtish boʻyicha topshiriq bergan.

Paxta terish mashinalari kira olmaydigan qariyb 53 ming gektar yer maydonini bosqichma-bosqich paxta ekishdan chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu yerlarda sabzavot va boshqa oziq-ovqat ekinlarini yetishtirishmoqchi.

Vazir texnika kira olmaydigan bir–bir yarim gektarlik maydonlarda paxta yetishtirishni maqsadga muvofiq emas, deb atadi. Kelgusida bunday hududlarni oziq-ovqat ekinlari uchun ajratish koʻzda tutilmoqda.

Qoʻl mehnatini saqlab qolish masalasidagi savolga javob berar ekan, Abdurahmonov bu yil vazirlik aholini paxta terimiga majburan jalb etish boʻyicha topshiriq bermaganini aytdi. Ayrim hollarda fermerlarning qoʻshimcha daromad olishdan manfaatdor boʻlgan oila aʼzolari terimga chiqqan.

Shu bilan birga, vazir mexanizatsiya ilgari paxta dalalarida ishlagan odamlarni daromaddan mahrum qilmasligi kerakligini tan oldi. Uning baholashicha, terimchilarga boʻlgan ehtiyojning qisqarishi toʻqimachilik sanoatida yangi ish oʻrinlari yaratish orqali qoplanishi lozim.

Abdurahmonovning kutishicha, paxta tolasini qayta ishlashni koʻpaytirish toʻqimachilik korxonalarini ish bilan taʼminlash va qoʻshimcha bandlik yaratish imkonini beradi. U bundan oʻn yil avval hosilning deyarli barchasi qoʻlda terilganini, mexanizatsiya darajasi esa 25 foizdan kam boʻlganini taʼkidladi.

Avvalroq qoʻl terimiga ustunlik berilgan, chunki u paxta tolasining yuqori sifatini saqlash uchun zarur, deb hisoblangan. Vazirning baholashicha, buning evaziga mahsulotni yuqoriroq narxda sotish mumkin boʻlgan.

Jurnalistlar, shuningdek, mashinalar hosilni qanchalik sifatli yigʻib olishi va kombaynlar oʻtganidan keyin hosilning yoʻqotilishi mumkinligi haqida soʻrashdi. Abdurahmonov zamonaviy mashinalar paxtani toʻliq yigʻib olish va dalada qoldirmaslik imkonini berishini aytdi. U buni yangi texnologiyalardan foydalanish bilan bogʻladi va hozirgi texnika avvalgisidan farq qilishini taʼkidladi: paxta yerga toʻkilmaydi.

Paxta terish mashinalari, jumladan, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda ishlab chiqariladi. FM World bilan qoʻshma korxonalar Qashqadaryo viloyatida ishlamoqda, Swan bilan hamkorlikdagi korxonalar esa Fargʻona vodiysida tashkil etilgan. Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi texnikasi traktor zavodida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqariladi.

Matbuot anjumanida paxta terimi kampaniyasi paytida majburiy va bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik masalasi ham alohida muhokama qilindi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot kotibi Dilshod Nazirov voyaga yetmaganlarni paxta dalalaridagi ishlarga jalb etish qatʼiy nazorat qilinayotganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, bolaning maktabdan keyin faqat kimningdir holidan xabar olish yoki ovqat olib kelish uchun kelgani haqidagi izohlar maqbul hisoblanmaydi.

Qoʻlda terishga faqat eni 11 metr boʻlgan texnologik yoʻlaklarda ruxsat berildi. Bu maydonlar paxta terish mashinalarining burilishi va harakatlanishi uchun moʻljallangan.

Nazirov vazirlik Ichki ishlar vazirligining maxsus guruhlariga bolalar, oʻquvchilar va sogʻligʻi yomonlashgan odamlarni paxta terimiga jalb etishga yoʻl qoʻymaslik haqida murojaat qilganini qoʻshimcha qildi. Idora vakili bunday toifalar qatorida ayollarni ham sanab oʻtdi.

Oʻzbekiston hukumati paxta terimini toʻliq mexanizatsiyalash rejalarini soʻnggi 13 yil davomida bir necha bor eʼlon qilgan. 2013 yil oktabrida oʻsha paytdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyev mexanizatsiya darajasini 2016 yilgacha 80–90 foizga yetkazish niyati borligini aytgandi. Oʻsha davrda dalalarda 1000 dan ortiq paxta terish mashinasi ishlagan, keyingi yil esa yana 3000 dona texnika ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi.

2017 yil oktabrida sobiq bosh vazir oʻrinbosari va «Oʻzagroteksanoatxolding» rahbari Nodir Otajonov besh yil ichida paxta terimi kampaniyasini mexanizatsiyalash darajasi 80 foizga yetishini bildirgan. Xususan, 2018 yilning oʻzidayoq Sirdaryo viloyatida bu koʻrsatkich 80 foizni tashkil etishi kutilgan.

2019 yil dekabrida Otajonov 2020 yildan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida mashinalar yordamida hosil yigʻish ulushi 50 foizga yetishi kerakligini maʼlum qilgan. Keyingi yillarda uni 80 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.

Hukumat 2020 yil yanvarida paxtani mashinalar yordamida yigʻib olishni jadal joriy etish toʻgʻrisidagi 21-son qarorni qabul qilgan. Hujjat ikki bosqichni nazarda tutgan: 2020–2022 yillarda mexanizatsiyani Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida joriy etish, 2023–2026 yillarda esa mamlakatning qolgan hududlarida amalga oshirish kerak edi.

2020 yil aprelida prezident mexanizatsiyani jadallashtirish, sentabr oyigacha hududlarga kamida 1000 ta paxta terish mashinasini yetkazib berish va ularga xizmat koʻrsatish uchun servis markazlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan.

2026 yil fevralida prezident huzuridagi yigʻilishda mamlakat avvalgi yillarda 1756 ta paxta terish mashinasini xarid qilgani maʼlum qilingan. Bu mexanizatsiya darajasini 52 foizga yetkazish imkonini bergan. 2025 yilgi mavsumda texnika yordamida 2,1 mln tonna paxta yigʻib olingan.

Oʻshanda mashinalar yordamida hosil yigʻish ulushini kamida 70 foizga oshirish vazifasi qoʻyilgan. Buning uchun 2026 yilga yana 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6000 ta seyalka, traktor va kombayn xarid qilish rejalashtirilgan.

Jahon banki 2016 yilda «Oʻzbekistonda paxta terimini mexanizatsiyalashning ijtimoiy taʼsirini baholash» nomli tadqiqotni eʼlon qilgan. Hujjatda mamlakat paxta yetishtiruvchi davlatlar orasida hosilining asosiy qismi qoʻlda teriladigan kam sonli davlatlardan biri boʻlib qolayotgani qayd etilgan.

Tadqiqot mualliflarining baholashicha, 2014 yilgi paxta terimi kampaniyasida 2,2–3 mln kishi qatnashgan. Hujjatda aytilishicha, mexanizatsiya mahalliy hokimiyatlar tomonidan safarbar etilgan ishchilarni ham qoʻshgan holda, ishchi kuchini ommaviy jalb etishga boʻlgan ehtiyojni kamaytirishi kerak edi.

Shu bilan birga, tadqiqotchilar qishloq aholisi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlardan ogohlantirgan. Ularning koʻpchiligi uchun mavsumiy paxta terimi pul daromadining muhim manbai boʻlgan.

2021 yilda xalqaro Cotton Campaign koalitsiyasi 2011 yildan buyon amal qilib kelgan oʻzbek paxtasiga boykotni bekor qilgan. Boykotga muntazam ravishda majburiy mehnatdan foydalanilgani sabab boʻlgan.

Yana oʻqing