Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Nogironligi boʻlgan shaxslar reabilitatsiya markazlariga yoʻllanmani qanday rasmiylashtiradi

Oʻzbekistonda 14-noyabrdan nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya va protezlash markazlariga yoʻllashning elektron tartibi amal qilmoqda

16-noyabr, 23:04По-русски

Read in English

Nizom Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2026-yil 13-noyabrda 3974-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan qarori bilan tasdiqlandi. Reabilitatsiya va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy boʻlinmalariga yoʻllanmalar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» tizimining «Reabilitatsiya moduli» orqali rasmiylashtiriladi.

Murojaat qilish davriyligi nogironlik belgilangan muddat va davolash turiga bogʻliq. Nogironlik muayyan muddatga belgilangan boʻlsa, ambulator davolanishdan kalendar yilida uch martagacha, muddatsiz belgilangan boʻlsa — ikki martagacha foydalanish mumkin. Birinchi holatda statsionar davolanish har olti oyda bir marta, ikkinchi holatda esa kalendar yilida bir marta taqdim etiladi.

Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP), «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokor orqali topshirish mumkin. Shaxs biometrik barmoq izlari, elektron raqamli imzo, mobil identifikatsiya, Face ID va boshqa usullar orqali tasdiqlanadi.

Roʻyxatdan oʻtkazilgach, anketa bir ish kunidan kechiktirmay oilaviy shifokorga yuboriladi. Keyingi ish kuni davomida u koʻrik sanasi, vaqti va joyini belgilaydi, koʻrik esa xabarnoma yuborilganidan keyin besh ish kuni ichida oʻtkaziladi. Shundan soʻng tizim reabilitatsiya xizmatlari uchun elektron navbatni shakllantiradi.

Navbatdagi holatni YIDXP, «Inson» markazi xodimlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokor orqali real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Anketani tekshirish, yoʻllanma berish va ushbu tartib boʻyicha xizmatlar bepul taqdim etiladi. Mazkur qoidalar haq toʻlanadigan shartnomalar asosidagi reabilitatsiya xizmatlariga tatbiq etilmaydi.