Davlat tibbiyot muassasalari 2027-yildan xizmatlarni xususiy kompaniyalarga topshirishi mumkin boʻladi
2030-yilga qadar autsorsingni 30 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda

Xususiy ijrochilarni jalb etish qoidalari 2026-yil 4-noyabrdagi prezident qarori bilan belgilandi. Shartnomalar koʻpi bilan besh yilga tuziladi. Agar investitsiyalarni qoplash muddati uzoqroq boʻlsa va Sogʻliqni saqlash vazirligi xulosa bersa, kelishuv muddatini oʻn yilgacha uzaytirishga ruxsat etiladi.
Kamida beshta yirik tibbiyot tashkilotida xorijlik professional boshqaruvchilarni jalb etish rejalashtirilmoqda. Nomzodlarni tanlov aniqlaydi, ularning faoliyati esa har yili asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha tekshiriladi.
Qurilishi katta mablagʻ talab qiladigan tibbiyot muassasalari asosan davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi. Davlat kafolatlagan tibbiy yordamni koʻrsatish uchun moʻljallangan obyektlar esa davlat mulki boʻlib qoladi.
2027-yil 1-aprelga qadar «Tibbiy autsorsing» elektron tizimi ishga tushishi kerak. U loyihalar, yetkazib beruvchilar va kelishuvlar haqidagi maʼlumotlarni birlashtiradi, shuningdek xizmatlar sifati, toʻlovlar va majburiyatlarning bajarilishini kuzatish imkonini beradi.
Bosh prokuratura, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tibbiyot muassasalarining binolari, inshootlari va yer uchastkalariga oid amaldagi ijara shartnomalarini inventarizatsiyadan oʻtkazadi. 2027-yildan boshlab Sogʻliqni saqlash vazirligi har yili 1-noyabrgacha xususiy investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun moʻljallangan loyihalar roʻyxatini eʼlon qiladi.



