Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishini 70 foizgacha oshirdi
Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi 70 foizga yetganini maʼlum qildi. Microsoft kompaniyaning server Xeon protsessorlari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini bir necha yilga band qiladi.

Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi oshgani va Microsoft bilan uzoq muddatli kelishuv tuzilganini eʼlon qildi. TomorrowX konferensiyasida Intel bosh direktori Lip-Bu Tan kompaniyaga kelganidan keyin bu koʻrsatkich nihoyatda past darajadan 70 foizgacha oshganini aytdi.
18A texnologik jarayoni 1,8 nm sinfiga kiradi. Undan Panther Lake seriyasidagi Core Ultra 300 protsessorlarining hisoblash kristallari, shuningdek Clearwater Forest server Xeon 6+ protsessorlarini ishlab chiqarishda foydalaniladi. Bu chiplar koʻp kristalli komponovka va Foveros Direct uch oʻlchamli yigʻish texnologiyasi asosida yaratiladi.
Kelishuvga koʻra, Microsoft Intelʼning server Xeon protsessorlari, jumladan, kelajakdagi Diamond Rapids protsessorlari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini band qiladi. Kompaniya, shuningdek, oʻz yarimoʻtkazgich yechimlarida EMIB korpuslash texnologiyasidan foydalanish niyatini ochiq tasdiqlagan birinchi buyurtmachiga aylanadi. Bu texnologiya alohida kristallarni bitta korpusga birlashtiradi.
Intel va Microsoft EMIB yordamida qaysi chiplar, qaysi texnologik jarayonda, shuningdek, qanday hajmda va qaysi muddatlarda ishlab chiqarilishini oshkor qilmadi. Kelishuv Microsoftʼning 18A texnologik jarayonidan oʻz server yechimlari uchun foydalanish boʻyicha avvalgi rejalari bilan bogʻliqmi yoki yoʻqmi, nomaʼlum.
Yana oʻqing

SpaceX kosmik AI-maʼlumot markazlari uchun 1 mln gacha sunʼiy yoʻldoshga ruxsat oldi
Texnologiyalar10:15
FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga AI serverlari yetkazib berilishini toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:50
