Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Namangan viloyati 8 mlrd dollargacha investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi investitsiya loyihalarini jadallashtirishni topshirdi. Kelasi yil $7–8 mlrd jalb etish va iqtisodiyotni 9,5% oʻstirish maqsad qilingan.

19-noyabr, 17:23По-русски

Read in English

2026-yil yakunida viloyatdagi xorijiy investitsiyalar hajmi $5,4 mlrd, eksport $1,2 mlrd boʻlishi kutilmoqda. Kelasi yil eksportni $1,3 mlrdgacha oshirish rejalashtirilgan. Hokimiyat investitsiya takliflarini aniq loyihalarga aylantirib, har bir tashabbusni nazorat qilishi kerak.

18-noyabr yigʻilishida sanoat, infratuzilma, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasi rivoji muhokama qilindi. Namangan xalqaro aeroporti kengaytirilmoqda; toʻqimachilik boʻyoqlari, chiqindidan elektr energiyasi va issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Farmatsevtika va IT loyihalari tayyorlanmoqda. Yangi Namanganda ijtimoiy infratuzilma obyektlari boʻlgan turar joy majmuasi loyihasi amalga oshirilmoqda.

Yoshlar bandligi va mamlakat ichida hamda xorijda ishlash uchun mutaxassislar tayyorlash koʻrib chiqildi. Agrosanoat klasterlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, «Arashan» va «Qamchiq» turistik loyihalari, yangi turistik zonalar yaratish hamda olis mahallalarda xizmatlarni kengaytirish ham muhokama qilindi.

Viloyat aholisining oʻrtacha daromadini 9,6 mln soʻmgacha yetkazish vazifasi qoʻyildi. Hokimlik va islohotlar shtabiga yirik loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, ish oʻrinlari yaratish va barqaror daromad manbalarini taʼminlash topshirildi.