Yevrosiyo taraqqiyot banki 2027 yilda Oʻzbekistonga $500 mln kiritmoqchi
Yevrosiyo taraqqiyot banki 2027 yilda Oʻzbekiston loyihalariga kamida $500 mln investitsiya kiritmoqchi. 2031 yilga kelib bank sarmoyasi $3 mlrdga yetishi mumkin.

Yevrosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov bu rejalarni Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev bilan muhokama qildi. Tomonlar bankning 2027–2031 yillarga moʻljallangan strategiyasi va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollarini ham koʻrib chiqdi.
Hozir bank Oʻzbekistondagi 10 ta potensial loyihani oʻrganmoqda. Ularga kiritiladigan jami investitsiyalar hajmi $1 mlrd dan oshishi mumkin. Bank davlatning toʻgʻridan-toʻgʻri qarz yukini oshirmagan holda xususiy va xalqaro kapitalni jalb qilish uchun nosuveren moliyalashtirish vositalaridan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Ustuvor yoʻnalishlar sifatida transport va logistika, suv-energetika barqarorligi, sanoat, ishlab chiqarish kooperatsiyasi hamda raqamlashtirish koʻrsatildi. Tomonlar moliyaviy vositalarni kengaytirish, jumladan, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, eksportni moliyalashtirish, yashil va islomiy moliyalashtirishni ham muhokama qildi.
Shuningdek, davlat kompaniyalari va xususiy investorlar bilan hamkorlik, jumladan, loyihaviy moliyalashtirish va sindikatlashtirilgan kreditlash masalalari koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston 2025 yilda bankka qoʻshilib, uning kapitalining 10 foizini oldi. 2026 yil may oyida bank Toshkentda vakolatxonasini ochdi.



