Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Mahkumlarga OTMlarga kirish va masofadan taʼlim olishga ruxsat beriladi

2027/2028 oʻquv yilidan boshlab mahkumlar OTMlarga kirib, toʻlov-kontrakt asosida masofadan taʼlim olishlari mumkin boʻladi

17-noyabr, 16:16По-русски

Read in English

Prezident qarorida 2027/2028 oʻquv yili boshlanguniga qadar jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta oʻquv kabineti va amaliy mashgʻulotlar uchun 420 ta xona tashkil etish nazarda tutilgan.

2030-yilgacha koloniyalarda kamida 50 ta talab yuqori boʻlgan kasb boʻyicha taʼlim dasturlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Har yili mazkur kasblar boʻyicha kamida 15–20 ming nafar mahkumni oʻqitish moʻljallangan. Kasbiy tayyorgarlik qayta jinoyat sodir etish darajasini 30 foizga kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

«Yangi hayot» dasturi doirasida OTMlarga qabul qilingan mahkumlar toʻlov-kontrakt asosida masofadan oʻqitiladi. Mashgʻulotlar uchun videokonferensiya tizimlari bilan jihozlangan xonalar ajratiladi.

Yosh mahkumlar orasidan yoshlar faollari tanlab olinadi. Ularni har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari — 1,32 mln soʻm miqdoridagi toʻlovlar bilan ragʻbatlantirish rejalashtirilgan. Barcha koloniyalarda, shuningdek, «Yosh kitobxon» masofaviy tanlovi oʻtkaziladi, kutubxonalarda esa «Mutolaa» platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.