Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Hududlar

Qoraqalpogʻistonda Xitoy — Yevropa savdo yoʻnalishidagi yoʻl kengaytirilmoqda

Rekonstruksiyadan soʻng Nukus va Urganch oʻrtasidagi 25 kilometrlik yoʻl qismi ikki baravar koʻp avtomobilni oʻtkaza oladi

9-noyabr, 16:56По-русски

Read in English

Qoraqalpogʻistonda Nukus va Urganch oʻrtasidagi A380 avtomobil yoʻlining bir qismini kengaytirish boʻyicha ishlarning qariyb 90 foizi allaqachon bajarilgan. Qiymati $48,7 mln boʻlgan loyiha Xitoy va gʻarbiy bozorlar, jumladan Yevropa oʻrtasidagi savdo yoʻnalishiga kiruvchi yoʻlning oʻtkazuvchanligini oshirishi kerak.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Loyihalarni amalga oshirish guruhi direktorining oʻrinbosari Bahodir Boltaboyevning soʻzlariga koʻra, beton qoplamaning qariyb uch kilometrini yotqizish va yoʻl oʻtkazgich qurilishini yakunlash qolgan. Yoʻl qismida avtomobillar qarama-qarshi yoʻnalishdagi qatnov qismini kesib oʻtmasligi uchun burilib olishga moʻljallangan alohida transport ayirmalari ham barpo etilmoqda.

Rekonstruksiyadan soʻng kunlik qatnov 6–7 ming avtomobildan 14–15 mingtagacha oshishi kutilmoqda.

A380 ning Qoʻngʻirotdan Qozogʻiston chegarasi tomon yoʻnalgan, uzunligi 240 kilometr boʻlgan boshqa qismi 2024 yilda yakunlangan. Tashuvchilarning aytishicha, rekonstruksiyadan soʻng yoʻlda harakatlanish vaqti hamda yuk mashinalariga xizmat koʻrsatish xarajatlari kamaygan.

Xalqaro tashuvlar sohasida qariyb 15 yildan beri ishlayotgan Promizvest Servis transport kompaniyasi bosh direktori Damir Mamutovning aytishicha, ilgari yuk mashinalari Qoʻngʻirot va Beyneu oʻrtasidagi 240–250 kilometr masofani kamida 10–12 soatda bosib oʻtgan. Hozir safar uch-toʻrt soat davom etadi. Avval bir-ikki qatnovdan keyin mashinalarning shinalari va osma qismlarini taʼmirlashga ehtiyoj tez-tez tugʻilardi, rekonstruksiyadan keyin esa bunday holatlar kamroq yuz bermoqda.

A380 ni kengaytirish OTB koʻmagida yoʻllarni rivojlantirish boʻyicha kengroq dasturning bir qismidir. Dasturning budjeti $383,4 mlnni tashkil etadi: $274,2 mlnni bank kreditlar shaklida taqdim etadi, yana $109,2 mlnni Oʻzbekiston hukumati ajratadi.

Yoʻl 11 mamlakatni birlashtiruvchi Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining (CAREC) 2-koridoriga kiradi. Uning maqsadi transport infratuzilmasini rivojlantirish, savdoni soddalashtirish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

OTBning hamkorlik boʻyicha mintaqaviy mutaxassisi Begzod Jalilovning taʼkidlashicha, iqtisodiy koridorlar nafaqat yoʻllarga, balki turizm, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohasiga ham sarmoya kiritishni talab qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, bu ish oʻrinlari yaratilishiga, aholi daromadlari oshishiga va eksport imkoniyatlari kengayishiga yordam berishi kerak.

Shu bilan birga, yoʻllarning holati tashuvlar tezligiga taʼsir qiluvchi yagona omil emas. Bojxona tartib-taomillari va xalqaro chegaralardagi kechikishlar yuklar harakatini hanuz sekinlashtirishi mumkin.

Jalilovning maʼlum qilishicha, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda OTB va hamkorlar chegara oʻtkazish punktlarini modernizatsiya qilish bilan ham shugʻullanmoqda. Rejalarda tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuk mashinalari uchun elektron navbat tizimlarini joriy etish bor.

2026 yil avgust oyida OTB Border Upgrades for Integration, Logistics, and Development (BUILD) deb nomlangan $400 mlnlik alohida mintaqaviy moliyalashtirish mexanizmini maʼqulladi. Mablagʻlar CAREC mamlakatlaridagi avtomobil va temir yoʻl oʻtkazish punktlarini, jumladan raqamli tizimlar hamda inspeksiya uskunalarini modernizatsiya qilish va chegaralarni boshqarishni takomillashtirishga yoʻnaltiriladi.

Yana oʻqing