Oʻzbekiston Wabtec Amerika kompaniyasi bilan temir yoʻllarni muhokama qildi
Muzokaralarning asosiy mavzulari — infratuzilmani modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va mutaxassislarni tayyorlash

5 noyabr kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Amerikaning Wabtec kompaniyasi bilan muzokara oʻtkazdi. Ishtirokchilar temir yoʻl sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha keyingi choralarni koʻrib chiqdilar.
Uchrashuvda Wabtec kompaniyasining MDH mamlakatlari va Moʻgʻuliston boʻyicha katta mintaqaviy vitse-prezidenti Kanat Alpysbayev, shuningdek, kompaniyaning davlat tuzilmalari bilan xalqaro aloqalar va loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha boshqaruvchi direktori Lars Hikki ishtirok etdi.
Muhokamada temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va Oʻzbekistondagi servis quvvatlarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, tomonlar muhandislik kadrlari tayyorlash, zamonaviy taʼlim dasturlari va mutaxassislar malakasini oshirish masalalarini muhokama qildilar.



