Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Mustaqil baholovchilar OpenAI modellarining xavfsizligini tekshiradi

Apollo Research, METR, Transluce va Goodfire modellar xatti-harakati hamda himoya mexanizmlarini sinovdan oʻtkazish boʻyicha pilot tekshiruvlar olib boradi

17-noyabr, 12:54По-русски

Read in English

cnbc.com

OpenAI oʻz modellarining xavfsizligini tekshirish uchun toʻrtta mustaqil baholovchi bilan bir nechta kelishuv tuzdi. Dastlab tashkilotlar alohida pilot tadqiqotlar oʻtkazadi, kompaniya esa ularning natijalaridan tashqi ekspertlar bilan hamkorlikni kengaytirishda foydalanmoqchi.

Apollo Research modellar ishlab chiquvchilar niyatiga zid ravishda yashirincha harakat qila oladimi va buni himoya mexanizmlari aniqlaydimi, degan savollarni tekshiradi. Goodfire oʻz tadqiqotchilarini OpenAI ichida ishlashga jalb qiladi: ular modellarni oʻqitish jarayonini kuzatish, xatolarni izlash va ularning xatti-harakatlarini sozlash bilan shugʻullanadi. METR modellarni belgilangan maqsadlarga moslashtirish va monitoringga bagʻishlangan ikkita tekshiruv oʻtkazadi. Transluce oʻqitishdan keyin modellarni moslashtirishni tekshirishda foydalaniladigan usullarni baholaydi, shundan soʻng kelasi yili modellar va axborotdan kengroq foydalanish imkonini beradigan, sakkiz hafta davom etadigan yana bir tadqiqot oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

OpenAI maʼlumotlariga koʻra, baholovchilar kompaniyaning oʻz tadqiqotchilari foydalanadigan ichki resurslardan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Ular qatoriga manba kodi, modellarning nazorat versiyalari, oʻqitish maʼlumotlari va texnik hujjatlar kiradi. Tashkilotlar OpenAI xodimlari bilan ham hamkorlik qila oladi.

Apollo Research va Goodfire moliyaviy tovon oladi, biroq uning miqdori va toʻlanishi tekshiruvlar natijasiga bogʻliq emas. METR va Transluce oʻz ishi uchun haq olmaydi, ammo hisoblash resurslari yoki API kreditlarini qabul qilishi mumkin. OpenAI mukofotning oʻzi baholovchilarning mustaqilligiga xalaqit bermaydi, deb hisoblaydi, biroq bu haqdagi maʼlumotni oshkor qilmoqda.

Tashkilotlar natijalarni eʼlon qilishi mumkin, ammo OpenAI maxfiy maʼlumotlarni yashirish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Kompaniya va baholovchilar oʻrtasidagi nizolarni avval OpenAIʼning xavfsizlik boʻyicha maslahat guruhi koʻrib chiqadi. Agar kelishuvga erishib boʻlmasa, masala OpenAI Foundation kengashining mustaqil nazorat organi boʻlgan xavfsizlik va himoya qoʻmitasiga yuboriladi.