Muammoli banklarni sanatsiya qilish tartibi tasdiqlandi
Adliya vazirligi banklarni sanatsiya qilish tartibini roʻyxatdan oʻtkazdi. Hujjat bank moliyaviy muammoga duch kelganda uchta vosita va omonatchilar uchun kafolatlarni nazarda tutadi.

Adliya vazirligi 2026-yil 16-noyabrda 3976-raqamli hujjatni roʻyxatdan oʻtkazdi. Tartib banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisidagi qonun ijrosini taʼminlash, omonatchilarni himoya qilish hamda bank xizmatlarining uzluksizligini saqlash uchun qabul qilingan.
Sanatsiya moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan bankning muhim xizmatlarini saqlab qolish choralarini nazarda tutadi. Birinchi vosita — bank aktivlari va majburiyatlarini, jumladan kreditlar va omonatlarni boshqa bankka oʻtkazish. Ikkinchisi — ikki yilgacha faoliyat yuritishi mumkin boʻlgan oraliq bankni tashkil etish. Uchinchisi — zararlarni qoplash uchun kapital va ayrim majburiyatlarni hisobdan chiqarish yoki aksiyalarga aylantirish.
Sanatsiya doirasida kafolatlangan omonatlar, shu jumladan belgilangan kafolatlash limitidan oshadigan qismi ham, hisobdan chiqarilmaydi yoki aksiyalarga aylantirilmaydi. Omonatlarni boshqa bankka oʻtkazishda mijozlar bank hisobvaragʻi boʻyicha yangi shartnoma tuzishi shart emas. Bank xizmatlari ham saqlanib qolishi kerak. Bankning moliyaviy zararlari birinchi navbatda uning aksiyadorlari hisobidan qoplanadi.



