Instagram Amazonʼning hamkorlik havolalarini Reels va postlarga joylashtirmoqda
AQShdagi ijodkorlar va kompaniyalar ushbu havolalar orqali amalga oshirilgan xaridlardan komissiya olishi mumkin

Havolalar AQShda joylashgan, voyaga yetgan foydalanuvchilarga tegishli, 1 000 dan ortiq obunachiga ega professional akkauntlari bor ijodkorlar va kompaniyalar uchun mavjud boʻladi. Bitta videoga 30 tagacha havola, lentadagi oddiy postga esa 20 tagacha havola qoʻshish mumkin.
Hamkorlik havolasi orqali xarid amalga oshirilsa, ijodkor komissiya oladi. Meta misolida ijodkor lablar uchun rang beruvchi vositani tavsiya qiluvchi Reels joylaydi. Uning nomi ustida Amazon mahsuloti kartochkasi paydo boʻladi: foydalanuvchi uni bosgach, narxni Instagram ichida koʻradi, keyin buyurtmani rasmiylashtirish uchun Amazon ilovasi yoki saytiga oʻtadi.
Instagram vakili Megan Bakli kompaniya reklama mazmunidagi postlar soni keskin koʻpayishini kutmayotganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, tavsiyalar avvalgidek foydalanuvchilarning qiziqishlari va kontentning taxminiy qiymatini hisobga olgan holda shakllantiriladi. Yangi funksiya faqat ijodkorlar tavsiya qilayotgan mahsulotlarni xarid qilishni osonlashtirishi kerak.
Avval ijodkorlar odatda auditoriyani profilidagi havolaga yoʻnaltirardi. Dastlab Instagram u yerga bitta tashqi havola joylashtirishga ruxsat bergan, 2023-yilda esa limitni beshtagacha oshirgan. Yangi funksiya tavsiyalarni Linktree kabi havolalar sahifalarini chetlab oʻtgan holda bevosita Reels va postlarga olib kiradi.
TikTokʼdan farqli ravishda, Instagram hozircha bunday havolalar orqali amalga oshirilgan sotuvlardan ulush olishni rejalashtirmayapti. Shu bilan birga, kontent ichida xarid qilish imkoniyati lentadagi tijoriy tavsiyalar sonini oshirishi mumkin, biroq platforma ularning keskin koʻpayishini kutmayapti.
Yana oʻqing

SpaceX kosmik AI-maʼlumot markazlari uchun 1 mln gacha sunʼiy yoʻldoshga ruxsat oldi
Texnologiyalar10:15
FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga AI serverlari yetkazib berilishini toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:50
