Microsoft fayllarni saqlagan holda Windows tizimidagi korporativ kompyuterlarni masofadan bloklashni sinovdan oʻtkazmoqda
Microsoft yoʻqolgan yoki oʻgʻirlangan kompyuterni administratorlarga Intune orqali bloklash va qurilmadagi maʼlumotlarni saqlab qolish imkonini beruvchi Remote Lock funksiyasini sinovdan oʻtkazishni boshladi.

Funksiya Windows 11’ning Beta va Experimental kanallari uchun moʻljallangan dastlabki yigʻilmalarida paydo boʻldi. U Enterprise, Education va Pro nashrlariga ega, tashkilot tomonidan boshqariladigan hamda Microsoft Entraʼga ulangan yoki qurilmalarni boshqarish tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan qurilmalarga moʻljallangan.
Buyruq olingach, Windows faol seanslarni yakunlaydi va tizimga kirish usullarini yashiradi. Parol, PIN-kod yoki mahalliy administrator hisobi orqali blokdan chiqarish imkoni boʻlmaydi. Blokirovkani Intune orqali administrator olib tashlashi mumkin. Bunda foydalanuvchining hisob qaydnomasi boshqa qurilmalarda ishlashda davom etadi.
Buyruq kompyuter boshqaruv serveriga keyingi ulanish vaqtida qoʻllanadi. Faollashtirilgach, blokirovka kompyuter qayta ishga tushirilganda ham, internet boʻlmaganda ham saqlanib qoladi. Administrator cheklov sababini hamda texnik koʻmak xizmatining aloqa maʼlumotlarini ekranga chiqarishi mumkin.
Fayllar diskda qoladi, qurilma esa boshqaruv tizimiga ulanishni saqlab qoladi. Remote Lock, shuningdek, Windowsʼni tiklash muhitiga, xavfsiz rejimga va tashqi tashuvchilardan yuklash imkoniyatiga kirishni saqlab qoladi. Disk chiqarib olingan taqdirda maʼlumotlarni himoyalash uchun Microsoft BitLocker shifrlashidan foydalanishni tavsiya qiladi.
Yana oʻqing

SpaceX kosmik AI-maʼlumot markazlari uchun 1 mln gacha sunʼiy yoʻldoshga ruxsat oldi
Texnologiyalar10:15
FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga AI serverlari yetkazib berilishini toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:50
