Oʻzbekistonning har bir aholisi zimmasiga qariyb $2,4 mingdan tashqi qarz toʻgʻri keladi
Maʼlumotlarni Jahon banki taqdim etdi; Qozogʻistonda bu koʻrsatkich qariyb toʻrt baravar yuqori

Jahon bankining International Debt Report 2026 hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston tashqi qarzining har bir aholiga toʻgʻri keladigan miqdori qariyb $2,4 mingni tashkil etadi. Qozogʻistonda bu koʻrsatkich taxminan $8,8 ming, Qirgʻizistonda — $1,7 ming, Tojikistonda — $660, Turkmanistonda esa — $375.
Oʻzbekistonning davlat va davlat kafolatlagan tashqi qarzi 2025 yil oxiriga kelib $48,46 mlrdga yetdi. Bu Qozogʻistondagi shunga oʻxshash koʻrsatkichdan — $46,41 mlrddan — biroz koʻp. Shu bilan birga, jami tashqi qarz boʻyicha Qozogʻiston mintaqaning boshqa mamlakatlaridan ancha oldinda: uning ulushiga $183,1 mlrd, Oʻzbekiston zimmasiga esa $88,03 mlrd toʻgʻri keladi.
Farq, asosan, xususiy sektor qarzlari bilan izohlanadi. Qozogʻiston kompaniyalari davlat kafolatisiz xorijiy kreditorlardan $115 mlrd qarzdor, Oʻzbekiston kompaniyalarining qarzi esa $32,84 mlrdni tashkil etadi. Shu sababli davlat qarzi Qozogʻistonning jami tashqi qarzining qariyb choragini, Oʻzbekiston qarzining esa yarmidan koʻpini tashkil qiladi.
Markaziy Osiyoning besh mamlakati jami tashqi qarzi taxminan $293,7 mlrdni tashkil etdi. 2015 yilda bu koʻrsatkich $189,6 mlrd deb baholangan. Oʻn yil ichidagi oʻsishning 70 foizdan ortigʻi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelgan: mamlakatning qarzi 6,5 baravar oshgan.
Bu davrda Qirgʻizistonning tashqi qarzi $7,72 mlrddan $12,53 mlrdgacha, Tojikistonniki — $5,15 mlrddan $7,15 mlrdgacha, Qozogʻistonniki esa — $156,15 mlrddan $183,1 mlrdgacha oshdi. Turkmaniston qarzi qisqargan mintaqadagi yagona mamlakat boʻldi: u $7 mlrddan $2,85 mlrdgacha kamaydi.
2025 yilda tashqi qarz eng tez Oʻzbekistonda — 24,7 foizga oshdi. Qozogʻistonda oʻsish 10,3 foizni, Qirgʻizistonda — 4,8 foizni, Tojikistonda — 1,8 foizni tashkil etdi. Turkmaniston qarzini 14,1 foizga qisqartirdi.
Qarz miqdori iqtisodiyot hajmi bilan taqqoslanganda, eng yuqori yuk Qozogʻistonga toʻgʻri keladi: mamlakat qarzi yalpi milliy daromadning 64 foiziga teng. Oʻzbekistonda bu nisbat 60 foiz, Qirgʻizistonda — 56 foiz, Tojikistonda — 29 foiz, Turkmanistonda esa — 6 foizni tashkil etadi.
Eksport tushumiga nisbatan tashqi qarzga xizmat koʻrsatishga eng koʻp mablagʻni Qozogʻiston yoʻnaltirgan. 2025 yilda bunday xarajatlar mamlakat eksport tushumining 64 foizini tashkil etdi. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 29 foizga, Qirgʻizistonda — 28 foizga, Tojikistonda — 8 foizga yetdi. Hisobotda Turkmaniston boʻyicha eksport bilan bogʻliq koʻrsatkichlar keltirilmagan.
Qirgʻizistonda qarzga xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan eksport tushumi ulushi 2024 yilga nisbatan qariyb uch baravar oshdi. Oʻzbekistonda esa, aksincha, bu ulush 18,6 foizga kamaydi.
Xitoy mintaqadagi toʻrt mamlakat uchun eng yirik ikki tomonlama kreditor boʻlib qolmoqda. Xitoy kreditlariga bogʻliqlik Qirgʻiziston va Tojikistonda ayniqsa sezilarli. Qirgʻizistonning xorijiy davlatlardan olgan $1,9 mlrd qarzining $1,5 mlrdi Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi. Tojikistonning bunday qarzi $894 mln boʻlib, shundan $738 mln Xitoyga toʻlanishi kerak.
Oʻzbekiston Xitoyga $3,85 mlrd, Qozogʻiston esa $1,95 mlrd qarzdor. Turkmaniston uchun asosiy ikki tomonlama kreditor Yaponiya boʻlib, unga qarzdorlik $674 mlnni tashkil etadi.
Eng yirik koʻp tomonlama kreditorlar tarkibi mamlakatlarga qarab farq qiladi. Oʻzbekiston uchun bunday kreditor Osiyo taraqqiyot banki boʻlib, mamlakat unga $8,36 mlrd qarzdor. Qozogʻiston eng koʻp — $3,63 mlrd — Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankidan qarzdor. Qirgʻizistonning asosiy koʻp tomonlama kreditori $930 mln qarzdorlik bilan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi, Turkmanistonniki esa mamlakat $811 mln qarzdor boʻlgan Islom taraqqiyot bankidir.
Qozogʻiston mintaqadagi boshqa mamlakatlarga qaraganda bozor shartlarida koʻproq moliyalashtirish jalb qiladi. Mamlakatning $46,41 mlrd davlat tashqi qarzidan $33,22 mlrd xususiy kreditorlar hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich $15,11 mlrd, Qirgʻizistonda — $700 mln, Tojikistonda — $357 mln, Turkmanistonda esa — $240 mln.
2025 yilda olingan yangi qarzlarning shartlari ham turlicha boʻldi. Rasmiy kreditorlardan eng arzon kreditlarni Qirgʻiziston oldi: yillik 1,2 foiz stavkada, 28 yil muddatga. Qozogʻiston bunday mablagʻlarni 1,9 foiz, Turkmaniston — 2,8 foiz, Oʻzbekiston — 3,4 foiz, Tojikiston esa 5,6 foiz stavkada jalb qildi.
Qozogʻiston xususiy kreditorlardan yillik 4,9 foiz stavkada, Qirgʻiziston — 7,8 foiz, Oʻzbekiston esa — 8,6 foiz stavkada qarz oldi. Tojikiston va Turkmaniston 2025 yilda xususiy kreditorlardan yangi qarz jalb qilmagan.



