Sunʼiy intellekt bank sohasidagi ish oʻrinlarini oʻzgartirmoqda, ammo uning daromad keltirish qobiliyati hanuz noaniq
Banklar odatiy ishlarni avtomatlashtirish va xarajatlarni qisqartirish uchun sunʼiy intellektni joriy qilmoqda, biroq hozircha bu texnologiya hisobiga daromad sezilarli oshganini koʻrsatuvchi dalillar kam

Santander sunʼiy intellekt yaratgan biznes qiymatini 2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida €194 mln deb baholadi. Bank texnologiyani barcha jarayonlariga joriy qilayotganini maʼlum qildi: u qoʻshilgan qiymati past vazifalar ulushini kamaytirib, xodimlarning mijozlar bilan ishlashi va boshqa yuqori qiymatli funksiyalarni bajarishi uchun vaqt boʻshatadi.
UniCredit ham sunʼiy intellektni koʻproq tijoriy faoliyatga oʻtish va jarayonlarni yaxshilash bilan bogʻlamoqda. Shunga qaramay, banklar hozircha texnologiyadan foydani bevosita oshirishdan koʻra xarajatlarni kamaytirish uchun koʻproq foydalanmoqda. KBW tadqiqotiga koʻra, koʻrib chiqilgan sunʼiy intellektdan foydalanish ssenariylarining yarmidan sal kami xarajatlarni qisqartirish yoki samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Oʻzgarishlar bandlikka ham taʼsir qilmoqda. Barclays 2026 yilda 5 000 ta ish oʻrnini — shtatining qariyb 5 foizini — qisqartirishni rejalashtirmoqda; qisqartirishlarning taxminan 60 foizi maʼmuriy va yordamchi funksiyalarga, jumladan dasturchilarga toʻgʻri keladi. Bank sunʼiy intellekt barcha qisqartirishlarning sababi emasligini taʼkidlamoqda. Goldman Sachs xodimlar sonining oʻsishini cheklash va oz sonli ish oʻrinlarini qisqartirishni rejalashtirmoqda, JPMorgan rahbarlariga esa sunʼiy intellekt joriy etilishi davomida yangi xodimlarni ishga olishdan tiyilish tavsiya qilindi.
Texnologiya uchun asosiy sinovlardan biri mijozlar boyligini boshqarish (wealth management) sohasi boʻladi. Tahlilchilar sunʼiy intellekt maslahatchilarga koʻproq mijozlarga xizmat koʻrsatishda, ularni xizmatga tezroq ulash va hisobotlarni tayyorlashni jadallashtirish orqali yordam berishi mumkin, deb hisoblaydi. Ammo hozircha uning xizmat sifati, mijozlar bilan oʻzaro aloqalar va xodimlar unumdorligiga taʼsiri eng yaxshi tasdiqlangan.
Morgan McKinley rekruteri Mark Astberining soʻzlariga koʻra, talab anʼanaviy loyihalar va maʼmuriy funksiyalardan sunʼiy intellekt, dasturiy taʼminot muhandisligi va maʼlumotlar boʻyicha mutaxassislarga siljimoqda. Banklar boshlangʻich darajadagi xodimlarni tayyorlash yondashuvini ham oʻzgartirishiga toʻgʻri keladi: odatiy vazifalar avtomatlashtirilishi barobarida boshlangʻich lavozimlar tobora texnik tus olmoqda.
Yana oʻqing

SpaceX kosmik AI-maʼlumot markazlari uchun 1 mln gacha sunʼiy yoʻldoshga ruxsat oldi
Texnologiyalar10:15
FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga AI serverlari yetkazib berilishini toʻxtatishni buyurdi
Texnologiyalar08:50
