Buxoro neftni qayta ishlash zavodi neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ikki baravardan koʻproqqa oshiradi
Korxonani modernizatsiya qilish rejalari 12 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.

Modernizatsiya ikki loyihadan iborat. Birinchi loyiha qiymati 328 mln dollarni tashkil etadi. U yiliga 1,1 mln tonna hajmda Yevro-5 standartidagi AI-92 va AI-95 benzinlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi. Yoqilgʻi qoʻshimchalari importidan voz kechish zavodga har yili 150 mln dollargacha mablagʻ tejash imkonini beradi, shuningdek, 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Ishlab chiqarish 2029 yilning ikkinchi choragida ishga tushiriladi.
Ikkinchi loyiha 1,8 mlrd dollarga baholanmoqda, uning qurilishi 2028 yilda boshlanadi. Loyiha yakunlangach, zavod 2,7 mln tonna benzin, 1,24 mln tonna dizel yoqilgʻisi va 500 ming tonna aviakerosin ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, korxona benzol va boshqa neft-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtiradi. Zavod texnologik hamkorlar sifatida Xitoy, Fransiya, AQSh va Ozarbayjon kompaniyalarini jalb etishni rejalashtirmoqda.
2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qariyb 1,5 mln tonna neft mahsulotlari ishlab chiqardi va 2,2 trln soʻm sof foyda oldi.



