Seshanba, 10-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston 2030 yilgacha fond bozori orqali jalb qilingan kapitalni ikki baravar oshirishni koʻzlamoqda

Eng katta samara korporativ obligatsiyalardan, jumladan xorijiy valyutadagi obligatsiyalardan, keyin esa islomiy moliyalashtirish instrumentlaridan kutilmoqda

10-noyabr, 18:34По-русски

Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (NAPP) prognozlariga koʻra, fond bozori orqali mablagʻ jalb qilish hajmi 2026 yildagi 10 trln soʻmdan 2030 yilgacha 20 trln soʻmga oshadi. Bundan tashqari, 2030 yilgacha fond bozori orqali 1 mlrd dollar miqdorida investitsiya jalb qilish maqsadi ham qoʻyilgan.

NAPP Kapital bozorini rivojlantirish va raqamlashtirish boshqarmasi boshligʻi Valeriy Li «Kapital bozori toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi sukuk, taʼminlangan va sekʼyuritizatsiya qilingan obligatsiyalarni chiqarish, shuningdek, derivativlardan foydalanish uchun huquqiy imkoniyatlar yaratishini maʼlum qildi. Dastlab eng katta samara korporativ obligatsiyalardan, jumladan xorijiy valyutadagi emissiyalardan, keyin esa islomiy moliyalashtirish instrumentlaridan kutilmoqda.

Sukukning dastlabki aniq emitentlari va joylashtirish sanalari hozircha belgilanmagan. Qonun loyihasida ijara, sheriklik va savdo operatsiyalariga asoslangan bir nechta emissiya modellari nazarda tutilgan. Regulyatorning vazifasi sukukdan muntazam foydalanish uchun barqaror modelni shakllantirishdan iborat.

Fyucherslar va opsionlar xususiy investorlar uchun ommaviy instrumentlar sifatida koʻrib chiqilmayapti. Ularning asosiy vazifasi xatarlarni boshqarish va professional ishtirokchilar faoliyatini taʼminlashdan iborat. Ayrim murakkab mahsulotlardan foydalanish imkoniyati investorning toifasi va tajribasiga bogʻliq boʻlishi kerak; qonun loyihasida forvardlar va svoplarni tartibga solish, kliring, bitimlarni taʼminlash hamda nettingni rivojlantirish ham nazarda tutilgan.

Chakana investorlar uchun moliyaviy instrumentlar toʻplamini kengaytirish, vositachilar va kastodianlar faoliyatini takomillashtirish, emitentlarning shaffofligini oshirish hamda investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish taklif etilmoqda. Qonunchilikda nazarda tutilgan soliq imtiyozlariga ega individual investitsiya hisobvaraqlari mexanizmi allaqachon amal qilmoqda. Bunda fond bozori va bank depozitlarining vazifalari hamda xatar darajasi turlicha.

Yana oʻqing