Oʻzbekistondagi banklar islomiy moliyalashtirish talablariga qanday rioya qilishi kerak
2026-yil 28-martdagi OʻRQ-1126-sonli qonun Oʻzbekistonda islomiy bank ishi uchun asos yaratdi: tahlil

2026-yil 28-martdagi Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-1126-sonli qonuni islomiy bank faoliyati uchun huquqiy asos boʻldi. U ixtisoslashgan islomiy banklar faoliyat yuritishi va amaldagi banklarda islomiy oynalarni ishga tushirishni nazarda tutadi. Bunday operatsiyalar uchun ichki nazorat va auditning alohida tizimlari ishlashi, Markaziy bank hamda banklar huzurida esa islomiy moliya boʻyicha kengashlar tashkil etilishi kerak.
Moliyaviy monitoring talablari anʼanaviy mahsulotlarga nisbatan qanday qoʻllansa, islomiy mahsulotlarga ham shunday tatbiq etiladi. Bunda banklar nafaqat mijoz va pul oʻtkazmalarini, balki sotuvchi, asosiy aktiv, bitimning iqtisodiy maqsadi, moliyalashtirish manbalari hamda ishtirokchilar oʻrtasidagi aloqalarni ham baholashi kerak. Bu murabaha va ijara kabi koʻp tomonlama operatsiyalar uchun ayniqsa muhim.
Islomiy mahsulotlar uchun alohida POD/FT/FROMU tizimini joriy etish talab qilinmaydi: banklar 2886-sonli Qoidalar asosida amaldagi tartib-taomillarni moslashtirishi lozim. Ularda barcha muhim ishtirokchilar va benefitsiarlarni hisobga olish, toʻlovlar hamda shartnomalarni yagona iqtisodiy tuzilmaga bogʻlash, xodimlarni oʻqitish va mustaqil audit oʻtkazish zarur. Banklar shubhali operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborishi kerak.



