Pokiston guruhi Yangi Toshkentdagi mehmonxona biznesiga investitsiyalarni oʻrganmoqda
Oʻzbekiston elchisi Alisher Toʻxtayev Hashoo Group bilan mehmonxona biznesi va koʻchmas mulk sohasidagi loyihalarni muhokama qildi

Islomobodda Toʻxtayev Pokistonning Hashoo Group kompaniyasi rahbari Murtazo Hashvoniy bilan uchrashdi. Uchrashuv ishtirokchilari mehmonxona biznesi, turizm, qurilish va koʻchmas mulk sohalaridagi hamkorlikni koʻrib chiqib, asosiy eʼtiborni Yangi Toshkentdagi loyihalarga qaratdi.
Kompaniya vakiliga Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar, mamlakatning turizm salohiyati hamda mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish rejalari haqida maʼlumot berildi. Taqdim etilgan tashabbuslar qatoridan Yangi Toshkentda mehmonxona va savdo majmualarini qurish loyihalari ham oʻrin oldi.
Tomonlar koʻp funksiyali obyektlarni alohida ravishda muhokama qildi. Bunday obyektlarda mehmonxonalar, turar joylar va tijorat koʻchmas mulki uygʻunlashishi mumkin. Hamkorlikning yana bir varianti sifatida Oʻzbekistonning yirik shaharlari va turistik hududlarida faoliyat yuritayotgan mehmonxonalarni Hashoo Group boshqaruviga topshirish tilga olindi.
Hashvoniy kompaniyada mehmonxonalarni boshqarish boʻyicha mutaxassislar borligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, guruh amaliy hamkorlikka oʻtish uchun Oʻzbekiston tomoni takliflarini oʻrganishga tayyor.
Keyingi qadam Hashoo Group mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifi boʻladi. Ular mamlakatning investitsiya imkoniyatlari, mehmonxona va tijorat koʻchmas mulki bozorini, xorijiy investorlar uchun shart-sharoitlarni hamda istiqbolli loyihalarni oʻrganadi.
Hashoo Group mehmonxona biznesi, qurilish va koʻchmas mulkni boshqarish, turizm, axborot texnologiyalari hamda togʻ-kon sanoati sohalarida faoliyat yuritadi. Guruhning mehmonxona yoʻnalishiga Pearl-Continental Hotels & Resorts, PC Legacy, Hotel One va PC Residences brendlari kiradi. Kompaniya, shuningdek, 50 yildan ortiq ish tajribasiga ega ekanini bildiradi.



