Qozogʻiston koʻmiri issiqxona egalari uchun tonnasiga $110 ga tushadi
Tadbirkor Xurshid Axmedovning aytishicha, «Shubarkol» koʻmiri bir tonnasi taxminan $40 narxda rasmiylashtirilganidan keyin issiqxona xoʻjaliklariga $110 ga tushadi.

Issiqxona egalari davlat organlari bilan ochiq muloqotda yoqilgʻi narxini mahsulot tannarxi yuqori boʻlishining asosiy sabablaridan biri, deb atadi. Axmedov koʻmir narxining oshishini temiryoʻl orqali yetkazib berish, tushirish, saqlash va vositachilar ishtiroki bilan bogʻladi.
Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, import qilinadigan koʻmirni faqat temiryoʻl orqali olib kirishga ruxsat berilgan. Bu xarajatlarni oshiradi va yetkazib berishni kechiktirishi mumkin: qishda vagonlar birinchi navbatda aholi va olis qishloqlarni taʼminlash uchun yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga, eʼlon qilingan qoidalarda temiryoʻl orqali yetkazib berish nazarda tutilgan, biroq Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori matnida avtomobil orqali import qilishni toʻliq taqiqlash haqida bevosita norma aniqlanmadi.
Rasmiy hujjatlarda import qilinadigan yoqilgʻining sifati va ekologik koʻrsatkichlariga qoʻyiladigan yangi talablar ham nazarda tutilgan. Tadbirkorlar kaloriya darajasining pastligi va kul miqdorining koʻpligi issiqxona xoʻjaliklari xarajatlarini oshirishini taʼkidladi.



