Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Hududlar

Buxoroda 300 mln dollarga yangi aeroport quriladi

U bir vaqtning oʻzida 20 ta samolyot va 1 200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi

5-noyabr, 18:52По-русски

Read in English

Photo by Sultonbek Ikromov on Unsplash

Prezident Shavkat Mirziyoyev aeroport va unga olib boruvchi yoʻlni kelasi yil Mustaqillik kuni nishonlanishiga qadar qurib bitkazish boʻyicha topshiriq berdi.

Aeroportni shahar bilan 24 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻli bogʻlaydi. Avtobuslar uchun BRT yoʻlagining 5,5 kilometri ajratiladi. Rasmiylar Buxoroga kelishni osonlashtirish va mintaqaning transport imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi Buxoroga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻymoqda. Kelasi yil Malayziya, Indoneziya, Quvayt, Misr va Bahrayn bilan havo qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mintaqada turistik loyihalar tayyorlanmoqda. Gulchorbogʻ mahallasida 50 gektar maydonda 80 mln dollarlik markaz barpo etiladi. U koʻrgazma zali, amfiteatr va mehmonxonalarni oʻz ichiga oladi.

Jalol Ikromiy mahallasida xalqaro tadbirlar oʻtkazish uchun 60 mln dollarlik kongress-zal qurilmoqda. Uning yonida yetti qavatli ikkita mehmonxona — Hilton va Holiday Inn barpo etilmoqda.

Buxoro tumanida 1 ming gektar maydonda 500 mln dollarlik turistik klaster joylashtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, markazdagi sakkizta koʻcha yangilanadi va oltita sayilgoh obodonlashtiriladi. Eski shahar, «Yetti pir», Chor-Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze tarixiy majmualari yagona turistik konsepsiya asosida birlashtiriladi.

Yana oʻqing