«Bozor toʻyinmoqda»: Markaziy bank yaqin 3–4 yilda kredit stavkalari pasayishini prognoz qilmoqda
Ipoteka kreditlari boʻyicha ayrim hollarda yillik stavka allaqachon 18 foizgacha pasaydi

Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov prognozni bozorning toʻyinishi va qarz mablagʻlariga boʻlgan talabning muvozanatlashuvi bilan izohladi. Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda turli segmentlarda stavkalar bir xil oʻzgarmadi: investitsiya kreditlari allaqachon arzonlashgan, isteʼmol kreditlari, qisqa muddatli va taʼminotsiz qarzlar, shuningdek, mikrozayomlar hamda onlayn xizmatlar orqali beriladigan kreditlar esa nisbatan qimmatligicha qolmoqda.
Ipoteka kreditlari boʻyicha stavkalar ham pasaymoqda. Ilgari uy-joy kreditlari yillik 24–25 foizdan taklif qilingan boʻlsa, hozir ayrim hollarda ularni 18 foizdan olish mumkin. Shu bilan birga, Markaziy bankda qayd etilishicha, kreditlarning qimmat turlari ham asta-sekin pasayish tomon harakat qilmoqda, biroq ular oʻrtacha darajadan yuqoriligicha qolishi mumkin.
Achilov qarz mablagʻlari qiymatiga taʼsir qiluvchi omillardan biri sifatida banklarning resurs bazasini koʻrsatdi. Muassasalar kreditlash uchun depozitlar, ichki manbalar va tashqi moliyalashtirishdan foydalanadi. Hozir banklardagi omonatlar oʻsishi yiliga 45 foizgacha yetmoqda. Bu kredit berish uchun mavjud mablagʻlar hajmini kengaytiradi va qarz mablagʻlaridan foydalanish imkoniyatini oshirishi mumkin.
Stavkalarni yanada pasaytirish uchun regulyator Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik qilmoqda. Bu ishning yoʻnalishlari qatoridan suzuvchi foiz stavkasi instrumentlarini joriy etish va pul bozorini rivojlantirish oʻrin olgan. Ular uzoq muddatli resurslar qiymatiga taʼsir qilishi kerak.
Achilovning soʻzlariga koʻra, asosiy stavkaning bundan keyingi pasayishi inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga bogʻliq boʻladi. Markaziy bankda banklar oʻrtasidagi raqobatning kuchayishi, moliyaviy takliflar sonining ortishi va resurs bazasining kengayishi prognoz davrida kreditlar hamda depozitlar qiymatini pasaytirishga yordam beradi, deb hisoblanmoqda.



