Trampning Gʻazo boʻyicha Tinchlik kengashiga vaʼda qilingan 18 mlrd dollar nima boʻldi?
Donorlar Trampning Tinchlik kengashi orqali Gʻazoni tiklash uchun qariyb 18 mlrd dollar vaʼda qilgan, biroq sulh kuchga kirganidan bir yildan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, ishlar boshlanmagan. 280 mln dollarning katta qismi oʻzlashtirilmagan.

Tinchlik kengashi donorlarning dastlabki moliyaviy majburiyatlari qariyb 18 mlrd dollarga yetganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, qurilishning boshlangʻich bosqichi uchun kengash 280 mln dollar soʻragan. Kengash sentyabr oyida bildirganidek, bu mablagʻning katta qismi oʻzlashtirilmay qolgan.
Isroil xalqaro kuchlar yoki tayyorgarlikdan oʻtgan Falastin politsiyasiga Gʻazoga kirib, HAMASni qurolsizlantirishni boshlashga ruxsat bermaguncha, loyihalarni boshlab boʻlmaydi. Isroil oziq-ovqat va tibbiy yordam yetkazib berilishini ham cheklamoqda, vaʼda qilingan koʻchma uylarni oʻtkazmayapti hamda Gʻazoni boshqarish boʻyicha Falastin qoʻmitasining sektor hududiga kirishiga yoʻl qoʻymayapti. Qoʻmita Qohirada faoliyat yuritmoqda.
Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, sulh kuchga kirganidan beri Isroil kamida 1 658 nafar falastinlikni oʻldirdi, 6 000 kishini yaraladi. Qariyb 1,4 mln falastinlik hamon vaqtinchalik boshpanalarda yashamoqda.
Kengashni Donald Tramp Gʻazo boʻyicha reja doirasida taklif qilgan va unga tiklanishni muvofiqlashtirish vakolati berilgan. Uning tarkibiga Oʻzbekiston ham kiradi. Oʻzbekiston moliyaviy majburiyat olganini ham maʼlum qilgan, biroq uning miqdori oshkor etilmagan.



